Keshbek nega tasdiqlanmayapti? Soliq qo‘mitasi sabablarni tushuntirdi

Soliq qo‘mitasi fuqarolar keshbek rad etilgani yoki hali tasdiqlanmagani sabablarini mobil ilova orqali mustaqil tekshirishi mumkinligini ma’lum qildi.
Buning uchun Soliq ilovasidagi «Mening cheklarim» bo‘limiga kirib, kerakli oy va korxonani tanlash kifoya. Tasdiqlanmagan cheklar qizil belgi bilan ajratiladi va unda rad etish sababi ko‘rsatiladi.
Ma’lum qilinishicha, keshbekning tasdiqlanishi ko‘pincha tadbirkor tomonidan soliq hisobotlari topshirilmagani, soliq qarzdorligi mavjudligi yoki hisobotlarda kamchiliklar aniqlangani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda keshbek kamchiliklar bartaraf etilgach avtomatik ravishda tasdiqlanadi.
Shuningdek, ayrim hollarda umuman keshbek hisoblanmaydi. Jumladan, 10 kundan kech ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar xizmatlari, avia, temiryo‘l va avtochipta xaridlari, aloqa hamda kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bundan mustasno hisoblanadi.
Soliq qo‘mitasi fuqarolarni faqat o‘z xaridlariga tegishli fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazishga chaqirdi. Boshqa shaxslarga tegishli cheklardan foydalanish shubhali xaridor maqomini olish va keshbek to‘lovlarining to‘xtatilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, aprel oyda 6,5 mlndan ortiq iste’molchilarga 143,6 mlrd so‘m keshbek summasi to‘lovga tasdiqlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shurtan GKM loyihasida 643 milliard so‘mlik budjet mablag‘i talon-toroj qilingani haqida yozgandi.