Microsoft Windows uchun yangi Scout sun’iy intellekt yordamchisini taqdim etdi

Microsoft Build 2026 konferensiyasida kompaniya Windows tizimi uchun Scout nomli yangi sun’iy intellekt yordamchisini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Yangi xizmat OpenClaw texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, Microsoft 365 ekotizimi bilan chuqur integratsiyalashgani bilan ajralib turadi.
Microsoft vakili Omar Shahinning ta’kidlashicha, Scout oddiy chatbot emas, balki foydalanuvchining kundalik vazifalarini mustaqil bajarishga yordam beruvchi shaxsiy yordamchi hisoblanadi. Uning aytishicha, kelajakda foydalanuvchilar hatto ushbu yordamchidan qo‘ng‘iroqlar ham qabul qilishi mumkin.
Scout foydalanuvchi topshirig‘iga ko‘ra taqvimdagi uchrashuvlarni kuzatish, hisobotlar tayyorlash, elektron xatlar uchun qoralamalar yozish va boshqa ish jarayonlarini avtomatlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi xizmatdan foydalanish imkoniyati bosqichma-bosqich joriy etiladi. Hozircha Scout faqat AQShdagi Microsoft Frontier dasturi mijozlari uchun sinov tariqasida ishga tushirilgan.
Konferensiya davomida Microsoft yana bir yangilik — Execution Containers texnologiyasini ham e’lon qildi. Ushbu xavfsizlik qatlami OpenClaw va shunga o‘xshash sun’iy intellekt agentlarining ishlashini nazorat qiladi hamda fayllarni o‘chirib yuborish kabi xavfli harakatlarning oldini olishga yordam beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi Microsoft va Google’ni davlat tenderlaridan cheklashi mumkinligi haqida yozgandi.