Soliq qo‘mitasi 204 mingdan ortiq fuqaroga keshbek berishni vaqtincha to‘xtatdi

eʼlon qilindi
Aprel oyi uchun ajratilishi lozim bo‘lgan 102,5 milliard so‘mlik keshbek mablag‘lari muzlatilgan
QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirishning yagona tartibi joriy etildi
Foto: Google

Soliq qo‘mitasi QQS keshbek tizimidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangani ortidan 204 mingdan ziyod fuqaroni shubhali xaridorlar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Natijada ularga tegishli ijtimoiy keshbek mablag‘larini to‘lash vaqtincha to‘xtatildi.

Ma’lum qilinishicha, tekshiruvlar davomida ayrim shaxslar soxta fiskal cheklar orqali QQS qaytarib olishga uringani aniqlangan. Shu sababli aprel oyi uchun ajratilishi lozim bo‘lgan 102,5 milliard so‘mlik keshbek mablag‘lari muzlatilgan.

Qo‘mita, shuningdek ijtimoiy himoya reyestridagi fuqarolarga xizmat ko‘rsatgan va faoliyatida shubhali alomatlar kuzatilgan yuzlab korxonalar faoliyatini ham o‘rganmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu subyektlar orqali trillionlab so‘mlik aylanma rasmiylashtirilgan va katta miqdorda keshbek to‘langan.

Bundan oldin Andijon viloyatida Soliq ilovasi orqali 35 milliard so‘mdan ortiq budjet mablag‘larini noqonuniy ravishda o‘zlashtirish holati fosh etilgandi.

Soliq qo‘mitasi fuqarolarni mobil ilovada faqat o‘z xaridlariga tegishli haqiqiy cheklar ro‘yxatdan o‘tkazishga hamda noma’lum manbalardan tarqatilayotgan cheklarni kiritmaslikka chaqirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Soliq» ilovasida nima yangilangani haqida yozgandi.

Shuningdek