Apple Rossiyaning MAX messenjerini App Store’dan olib tashladi

Rossiyaning VK kompaniyasi ishlab chiqqan MAX messenjeri App Store’dan yo‘qoldi. Bu haqda messenjer matbuot xizmati ma’lum qildi.
Kompaniya Apple’ga rasmiy so‘rov yuborib, ilovaning nega o‘chirib tashlanganiga aniqlik kiritmoqchi. Hozircha App Store’dan olib tashlash sabablari ochiqlanmagan.
Shu bilan birga, avvalroq MAX messenjerini telefoniga o‘rnatib olgan foydalanuvchilar ilovadan odatdagidek foydalanishda davom etishi mumkin.
MAX App Store’da mavjud bo‘lmasa-da, uni Google Play va Samsung Store orqali yuklab olish mumkin.
Aprel oyida yirik hosting-provayder Cloudflare messenjerga «josuslik dasturi» yorlig‘ini bergan edi. Biroq VK kompaniyasi foydalanuvchilar ma’lumotlari himoyalanganini va alohida xavfsizlik markazi mavjudligini ma’lum qilgach, bu belgi olib tashlangan.
MAX Rossiyaning VK kompaniyasi tomonidan yaratilgan messenjer hisoblanadi. Tanqidchilar ilovani texnik kamchiliklari, agressiv reklamasi va Kremlga yaqinligi uchun tanqid qilib keladi.
Rossiya Davlat Dumasi deputatlari esa kelajakda MAX messenjeri mamlakat bozorida WhatsApp’ning o‘rnini egallashi mumkinligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qanday qilib Max ilovasi O‘zbekistonda yetakchiga aylangani haqida yozgan edik.