Bugatti hashamatli transformator televizorini taqdim etdi — foto

eʼlon qilindi
Qurilma individual buyurtmalar asosida ishlab chiqariladi
Bugatti hashamatli transformator televizorini taqdim etdi / Foto: Mydrivers

Bugatti avtomobil brendi Avstriyaning C SEED kompaniyasi bilan hamkorlikda N1 nomli transformator televizorini ishlab chiqdi. Bu haqda Mydrivers nashri ma’lum qildi.

N1 televizorining dizayni Bugatti Tourbillon giperkari uslubidan ilhomlangan. Qurilma korpusi aviatsiya alyuminiyi va uglerod tolalaridan tayyorlangan. Shuningdek, Bugatti avtomobillarining eng taniqli dizayn elementlaridan biri hisoblangan C-Line chizig‘i ham televizor dizaynida qo‘llanilgan.

Foto: Mydrivers

Yig‘ilgan holatda qurilma dekorativ haykalni eslatadi. Tugma bosilgandan so‘ng esa televizor 45 soniya ichida to‘liq ochiladi. Xaridorlarga 110, 137 va 165 dyuymli 4K MicroLED ekranli versiyalar taklif etiladi.

Foto: Mydrivers

Televizor HDR10+ texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va 4000 nitgacha yorqinlikni ta’minlaydi. Qurilma 180 darajaga burilishi mumkin. Shuningdek, ekran panellari orasidagi tutashuv joylarini yashiruvchi maxsus texnologiya ham joriy etilgan. Ovoz tizimi Wisdom Audio dinamiklari asosida qurilgan bo‘lib, ular televizor yoqilganda avtomatik ravishda tashqariga chiqadi.

Har bir televizorni Bugatti’ning original avtomobil ranglari, charm qoplamalari va individual nom plitalari bilan shaxsiylashtirish mumkin. Qurilmaning rasmiy narxi e’lon qilinmagan. Biroq C SEED kompaniyasining shunga o‘xshash mahsulotlari taxminan $400 mingga sotilishi inobatga olinsa, Bugatti versiyasi bundan ham qimmatroq bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq TikTok FIFA Jahon chempionati uchun alohida ilovani ishga tushirgani haqida yozgan edik.

Shuningdek