Ebola virusini yuqtirgan 11 nafar bemor izolyatsiyadan qochib ketdi

eʼlon qilindi
Mamlakat bo‘yicha zararlangan hududlar 25 taga ko‘paydi
Foto: EPA

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi tarqalishiga qarshi kurash davom etayotgan bir paytda izolyatsiyadagi bir necha bemor davolash muassasalarini tark etgan. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, Janubiy Kivu viloyatidagi Katana shahrida Ebola qurbonini dafn etishga kelgan mutaxassislar mahalliy aholi qarshiligiga duch kelgan. Natijada dafn jarayoni to‘xtab qolgan va marhumning jasadi aholi tomonidan olib ketilgan.

Shu bilan birga, epidemiyaning asosiy o‘chog‘i bo‘lib qolayotgan Ituri viloyatida 11 nafar bemor izolyatsiya markazlaridan qochib ketgan. Bu esa virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha sa’y-harakatlarni murakkablashtirmoqda.

Mutaxassislar Ebola infeksiyasi Ituridagi yangi hudud — Rimba sog‘liqni saqlash zonasiga ham yetib borganini ma’lum qildi. Shunday qilib, viloyatda zararlangan hududlar soni 17 taga, mamlakat bo‘yicha esa 25 taga ko‘paydi.

Sog‘liqni saqlash xodimlari kasallik zanjirini uzish, bemorlar bilan aloqada bo‘lganlarni aniqlash va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirishga urinmoqda. Biroq ayrim hududlardagi xavfsizlik muammolari va mahalliy aholining ishonchsizligi epidemiyaga qarshi kurashni qiyinlashtirmoqda.

Mutaxassislar vaziyat nafaqat Kongo, balki qo‘shni mamlakatlar uchun ham xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatni hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri Ebola virusi O‘zbekiston uchun qanchalik xavfli ekani haqida yozgandi.

Shuningdek