
Google Android telefonlarda sun’iy intellekt yordamida amalga oshiriladigan soxta qo‘ng‘iroqlarni aniqlaydigan yangi funksiyani ishga tushiradi. Bu haqda GSM Arena nashri ma’lum qildi.
Kompaniya Phone by Google ilovasiga soxta qo‘ng‘iroqlarni aniqlash imkoniyatini qo‘shmoqda. Bu funksiya firibgarlarning boshqa odam nomidan qo‘ng‘iroq qilib, foydalanuvchilarni aldashiga qarshi kurashishga yordam beradi.
Firibgarlar, avvalo, telefon raqamini qalbakilashtirib, qo‘ng‘iroq foydalanuvchining qarindoshi, do‘sti yoki tanishidan kelayotgandek ko‘rsatadi. Shundan so‘ng ular sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ovozlardan foydalanib, o‘sha odamning ovoziga juda o‘xshash tarzda gapiradi. Mutaxassislar bunday deepfake ovozlarni haqiqiy inson ovozidan ajratish tobora qiyinlashayotganini qayd etmoqda.

Yangi funksiya aynan shunday holatlarni aniqlash uchun ishlab chiqilgan. Agar qo‘ng‘iroq qilayotgan va qabul qilayotgan tomonlarning ikkalasi ham Phone by Google ilovasidan foydalansa, ilovalar o‘zaro tekshiruv o‘tkazib, suhbat haqiqatan ham shu ikki foydalanuvchi o‘rtasida kechayotganini tasdiqlaydi.
Agar kimdir boshqa odam nomidan qo‘ng‘iroq qilayotgan bo‘lsa, bunday tasdiq bo‘lmaydi va ilova foydalanuvchini ogohlantiradi. Bu esa soxta qo‘ng‘iroqlarni real vaqt rejimida aniqlashga yordam beradi.
Funksiya Android 12 va undan yuqori versiyalarda ishlaydigan qurilmalar uchun iyun oyida butun dunyo bo‘ylab taqdim etila boshlaydi. Dastlab uni Google Pixel smartfonlari oladi. Boshqa Android foydalanuvchilari esa Phone by Google ilovasini yuklab olib, uni asosiy qo‘ng‘iroq ilovasi sifatida o‘rnatishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Android Halo nomli yangi SI funksiyani namoyish etgan edi.