Mirziyoyev Samarqandni Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti deb e’lon qilishni taklif etdi

Shavkat Mirziyoyev Samarqandni «Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti» deb e’lon qilishni taklif etdi. Davlat rahbari Global ekologik jamg‘armaning sakkizinchi assambleyasi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.
Prezidentning qayd etishicha, O‘zbekiston Samarqandni mintaqaviy «yashil iqtisodiyot», barqaror rivojlanish va iqlim moliyasi markaziga aylantirishni maqsad qilgan. Shahar pilot «yashil hudud» sifatida rivojlantiriladi. Keyinchalik bu tajriba O‘zbekistonning boshqa shaharlariga ham tatbiq etiladi.
Mirziyoyev bugungi kunda insoniyat iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning kamayishi va atrof-muhit ifloslanishi kabi tahdidlarga duch kelayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo uchun cho‘llanish, yer degradatsiyasi, muzliklarning erishi va suv tanqisligi asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.
Jahon banki tahliliga ko‘ra, mintaqada qariyb 37 mln kishi suv tanqisligi yuqori bo‘lgan hududlarda yashamoqda. 2050-yilga borib bu ko‘rsatkich 75 mln kishiga yetishi mumkin.
Prezident O‘zbekiston ekologik transformatsiyani yangi taraqqiyot modeli sifatida ko‘rayotganini bildirdi. Shu maqsadda mamlakatda atmosfera havosini muhofaza qilish, bioxilma-xillik, chiqindilarni boshqarish, ko‘kalamzorlashtirish va ekologik ta’lim bo‘yicha milliy loyihalar amalga oshirilmoqda.
2030-yilgacha muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini respublika hududining 21 foizigacha kengaytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, havoga zararli tashlamalarni 10,5 foizga qisqartirish va har bir hududda dendrologiya hamda botanika bog‘larini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Chiqindilardan energiya ishlab chiqarish rejalari qanday

Davlat rahbari chiqindilardan energiya ishlab chiqarish bo‘yicha ham rejalarga to‘xtaldi. Joriy yilda ikkita, kelgusi ikki yilda yana to‘qqizta zavod ishga tushiriladi.
Ular yiliga 5,5 mln tonna chiqindini qayta ishlaydi. Bu 1,1 mln tonna issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirishga yordam beradi. Mirziyoyev Orolbo‘yida 2 mln gektardan ortiq unumdorligini yo‘qotgan yerlarni qayta tiklash ishlari olib borilayotganini ham aytdi.
Shuningdek, «Eco Expo Central Asia» platformasi yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. U hududlar va sanoatdagi ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan loyihalarga «yashil» yechimlar jalb etishga xizmat qiladi.
Prezident O‘zbekiston Global ekologik jamg‘arma donor mamlakatlari qatoriga qo‘shilishga tayyorligini ham ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Mirziyoyev Gonkong vakili bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilgani haqida yozgan edi.