O‘zbekistonda har uchinchi yo‘lovchi poyezd chiptasisiz qolmoqda

eʼlon qilindi
Bugungi kunda yo‘lovchi tashish hajmini oshirish uchun kamida 120 ta qo‘shimcha vagon zarur
Foto: Yandex Maps

O‘zbekistonda temir yo‘l transportiga talab ortib borayotgan bo‘lsa-da, mavjud imkoniyatlar barcha yo‘lovchilar ehtiyojini qoplay olmayapti. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, bugungi kunda yo‘lovchi tashish hajmini oshirish uchun kamida 120 ta qo‘shimcha vagon zarur. Harakat tarkibining yetishmasligi, ayrim vagonlarning eskirgani va yuqori tezlikdagi poyezdlarga talabning keskin oshishi chipta taqchilligini yuzaga keltirmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, poyezd chiptasini sotib olish istagida bo‘lgan fuqarolarning kamida 30 foizi bo‘sh o‘rinlar yo‘qligi sababli chipta xarid qila olmayapti.

Shuningdek, temir yo‘l infratuzilmasidagi mavjud cheklovlar qo‘shimcha qatnovlarni tashkil etishga to‘sqinlik qilmoqda. Ayniqsa, Toshkent — Samarqand yo‘nalishi mamlakatdagi eng yuklangan temir yo‘l uchastkasi bo‘lib, bu yerda yuk va yo‘lovchi poyezdlari harakati maksimal darajada yo‘lga qo‘yilgan.

Yig‘ilishda ayrim hududlarda shahar atrofi poyezdlari qatnovi yetarli darajada rivojlanmagani, shuningdek, temir yo‘l vokzallaridagi servis xizmatlari sifati ham talab darajasida emasligi qayd etildi. Transport vazirligi ushbu muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borayotganini ma’lum qildi.

Kursiv Uzbekistan 4-iyun soat 17:15 holatiga ko‘ra eticket.uzrailway.uz saytidan Toshkent-Urganch yo‘nalishi uchun 5-iyunga bilet qidirganida allaqachon bo‘sh joylar qolmaganiga guvoh bo‘ldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan deputatlar Transport vazirligidan temir yo‘l sohasiga xususiy sektorni jalb etishni so‘ragani haqida yozgandi.

Shuningdek