
Niderlandiyaning «Ayaks» va O‘zbekistonning «Navbahor» klublari xalqaro miqyosdagi futbol hamkorligini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda «Ayaks» klubining rasmiy sayti ma’lum qildi.
Mazkur hamkorlik doirasida «Ayaks» Namangan klubi yoshlar akademiyasini rivojlantirish o‘zining futbol falsafasi va metodologiyasini joriy etadi. Kelishuv «Navbahor»ning O‘zbekistondagi yetakchi yoshlar akademiyasiga aylanish maqsadini qo‘llab-quvvatlaydi.

«Navbahor» vitse-prezidenti Akram Dedaboyevning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo klubi uchun bu tarixiy kelishuv hisoblanadi.
«O‘zbekiston prezidenti va Namangan viloyati hokimining sportga qaratayotgan e’tibori hamda «Ayaks»ning isbotlangan futbol falsafasi yordamida hududimizda iqtidorlarni kashf etishda ulkan qadam tashlaymiz», — dedi u.

«Ayaks» xalqaro tarmog‘iga a’zo bo‘lgan «Navbahor» klubi endilikda Meksika, Avstriya, Italiya, Ispaniya, Gretsiya, BAA va Yaponiya kabi davlatlar jamoalari safiga qo‘shildi. Niderlandiya klubi ushbu oyda ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etish arafasida turgan O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishga hissa qo‘shishdan faxrlanishini ma’lum qildi.
«Ayaks» futbol bo‘yicha direktori Marijn Beuker hamkorlik klubning xalqaro miqyosdagi ishtirokini kengaytirishdagi muhim qadam ekanligini aytdi.
Avvalroq Kursiv nashri «Navbahor» safarda «Lokomotiv»ni mag‘lub etib, Superligada peshqadamga aylangani haqida xabar bergan edi.