Mirziyoyev va Putin O‘zbekistonda AES qurilishiga start berdi

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekistonda AES qurilishiga start berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirga teleko‘prik orqali Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi ham qo‘shilgan. Davlat rahbari Vladimir Putin va Rafael Grossiga loyihani amalga oshirishdagi shaxsiy qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdorlik bildirgan.

Mirziyoyevga ko‘ra, ushbu loyiha O‘zbekistonning texnologik, industrial va ilmiy taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab beradi. Loyiha mamlakatda yangi tarmoq, ya’ni atom energetikasini rivojlantirish uchun asos yaratadi. Qayd etilishicha, AES loyihasi kichik modulli atom generatsiyasi va yirik hajmli energetika sohasidagi eng so‘nggi yutuqlarni o‘zida mujassam etadi.

O‘zbekiston yetakchisi xavfsizlik loyihaning mutlaq va so‘zsiz sharti ekanini ta’kidladi.
Stansiyani qurish va ekspluatatsiyaga tayyorlash ishlari xalqaro standartlar asosida olib boriladi. Jarayonda zamonaviy muhandislik yechimlari qo‘llanadi. Qurilish ishlari Xalqaro atom energiyasi agentligining doimiy nazorati ostida bajariladi.
Qo‘shimcha ma’lumot sifatida, «O‘zatom» agentligi rahbari Azim Axmedxadjayev atom elektr stansiyasi qurilishining umumiy qiymati $9,5 mlrd ekanini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri prezident Sankt-Peterburgda qanday kutib olingani haqida yozgan edi.