Prezident “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni yaratishni taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida O‘zbekiston va Rossiya hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida ishlab chiqarish va texnologik klasterlarni yagona raqamli platforma orqali birlashtiruvchi «Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari» tashabbusini ilgari surdi.
Davlat rahbari energetika sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, investitsiya loyihalari, jumladan Rossiya ishtirokidagi tashabbuslar hisobiga O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 58 mlrd kilovatt-soatdan 87 mlrd kilovatt-soatga yetgan. 2030-yilgacha ushbu ko‘rsatkichni 120 mlrd kilovatt-soatga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, energiya ishlab chiqarishning 54 foizini qayta tiklanuvchi manbalar tashkil etadi.
Shuningdek, Rossiya ishtirokida O‘zbekistonda birinchi gibrid atom elektr stansiyasi qurilishi energetika quvvatlarini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha yangi muhandislik maktabini shakllantirish va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish uchun muhim ahamiyatga ega.

Nutqda sanoat va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham alohida qayd etildi. Shavkat Mirziyoyev «Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari»ni yaratish tashabbusini ilgari surib, uni sanoat kooperatsiyasining yagona raqamli platformasi bilan bog‘langan ishlab chiqarish va texnologik klasterlar tizimi sifatida ta’rifladi. Mazkur tashabbusni Toshkentda har yili o‘tkaziladigan «INNOPROM. Markaziy Osiyo» innovatsion-sanoat ko‘rgazmasi platformasi asosida rivojlantirish taklif etildi. Prezidentning fikricha, bu biznes subyektlariga yangi hamkorlar topish va o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish imkonini beradi.
Davlat rahbari raqamlashtirishni zamonaviy iqtisodiyotning asosiy omillaridan biri sifatida baholadi. U ilgari infratuzilma deganda yo‘llar, quvurlar va elektr tarmoqlari tushunilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu tushuncha avvalo raqamli platformalarni anglatishini ta’kidladi. So‘nggi yillarda Rossiya marketpleyslari va raqamli xizmatlari orqali O‘zbekiston mahsulotlari savdosi 3,5 barobarga oshib, $1,5 mlrddan ortgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan davlat yetakchisi qo‘shma Raqamli ekotizim yaratishni taklif qildi. Dastlabki bosqichda ushbu tizim raqamli savdo va shahar servislarini tartibga solish qoidalarini yaqinlashtirish, ikki davlat brendlarini umumiy platformalarda ilgari surish, yagona raqamli bandlik profilini yaratish hamda sun’iy intellekt asosidagi mahsulotlarni rivojlantirishni qamrab olishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev har qanday islohot va texnologik o‘zgarishlar markazida inson omili turishini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda aholi tarkibining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi va bu katta rivojlanish salohiyatini anglatadi. Bugungi kunda mamlakatda xorijiy oliy ta’lim muassasalarining 32 ta filiali faoliyat yuritmoqda, shundan 15 tasi Rossiya universitetlariga tegishli.
Prezident ta’lim, kasbiy tayyorgarlik va mehnat bozorini bog‘laydigan Inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma onlayn platforma yaratishni taklif etdi. Mazkur tizim ta’lim dasturlari, til va IT kurslari, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ish beruvchilar bilan bog‘lanish imkoniyatlarini birlashtirishi mumkin.
Nutq davomida turizm va kreativ iqtisodiyot masalalariga ham e’tibor qaratildi. Prezidentning ma’lum qilishicha, 2025-yilda O‘zbekistonga qariyb bir million nafar rossiyalik sayyoh tashrif buyurgan. Gumanitar hamkorlikni mustahkamlash maqsadida «Samarqanddan Peterburggacha» kreativ-turistik yo‘lagini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu loyiha san’at va kino festivallari, muzey ko‘rgazmalari, gastronomiya haftaliklari hamda musiqiy tadbirlarni birgalikda o‘tkazishni nazarda tutadi. Shuningdek, 2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev va Putin O‘zbekistonda AES qurilishiga start bergani haqida yozgan edik.