Xpeng GX avtomobili sotuvga chiqarilmoqda — tafsilotlar

5-iyun 2026 10:29 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Xpeng GX Yaqin Sharqda sotuvga chiqariladi
Foto: Xpeng

Xitoyning Xpeng kompaniyasi tomonidan yangi Xpeng GX avtomobili uchun xorijiy bozorlardan 1000 dan ortiq oldindan buyurtma oldi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Kompaniya rahbari Xe Syaopenning ma’lum qilishicha, buyurtmalar avtomobil Pekin avtosalonida namoyish etilganidan keyin yig‘ilgan. Xpeng GX uchun xorijdagi eng katta qiziqish hozircha Yaqin Sharq bozorlarida kuzatilmoqda.

Shu sababli Yaqin Sharq modelning Xitoydan tashqaridagi ilk bozori bo‘ladi. Bu hududda avtomobil namoyish etiladi va oldindan sotuvga chiqariladi.

Kompaniya hozircha yetkazib berish muddati va keyingi eksport bozorlarini e’lon qilmagan. Xpeng GX Xitoy bozorida 20-may kuni sotuvga chiqarilgan edi. Model sakkizta talqinda taklif qilinadi.

Modelning narxi

Foto: CarNewsChina

Avtomobil narxi 279,8 ming yuandan 359,8 ming yuangacha belgilangan. Bu taxminan $41,4 mingdan $53,2 minggacha degani. Cheklangan muddatli aksiya doirasida narx 269,8 ming yuandan 349,8 ming yuangacha tushirilgan. Bu taxminan $39,9 mingdan $51,7 minggacha bo‘ladi.

Xpeng avvalroq GX modeli Xitoyda 12 soat ichida 24 863 ta qat’iy buyurtma olganini ma’lum qilgan edi.

Texnik imkoniyatlar

Xpeng GX kompaniyaning flagman to‘liq o‘lchamli SUV modeli sifatida joylashtirilmoqda. Avtomobil uzunligi 5265 mm, eni 1999 mm, balandligi esa 1800 mm ni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3115 mm ga teng.

Foto: Xpeng

Model Xpeng portfelidagi eng yirik avtomobillardan biri hisoblanadi. Xaridorlar GX modelini ikki xil kuch qurilmasi bilan tanlashi mumkin. U kengaytirilgan yurish zaxirasiga ega EREV va to‘liq elektr EV talqinlarida taklif etiladi.

EREV versiya 1,5 litrli turbo dvigatel va ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Old elektromotor 160 kW, orqa elektromotor esa 210 kW quvvat beradi. Ushbu talqinda 63,3 kW/soat sig‘imli akkumulator o‘rnatilgan. Xpeng ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil faqat elektr rejimida CLTC bo‘yicha 430 km yura oladi. Umumiy yurish zaxirasi esa CLTC sikli bo‘yicha 1585 km ga yetadi.

Foto: CarNewsChina

To‘liq elektr talqinlar orqa g‘ildirakdan tortuvchi va to‘liq g‘ildirakdan tortuvchi versiyalarda taklif qilinadi. Orqa g‘ildirakdan tortuvchi versiya 270 kW quvvatli elektromotor va 91,9 kW/soat akkumulator bilan jihozlangan. Uning yurish zaxirasi CLTC bo‘yicha 665 km ni tashkil etadi.

To‘liq g‘ildirakdan tortuvchi versiyada 160 kW old va 270 kW orqa elektromotor ishlatiladi. Unda 110 kW/soat akkumulator o‘rnatilgan.

Bu talqinning yurish zaxirasi CLTC bo‘yicha 750 km gacha yetadi. GX modeli Xpeng savdolari barqarorlashayotgan davrda bozorga chiqmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Onix 2027 avtomobili rasman taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek