
Disney studiyasi «Muzlik davri» animatsion franshizasining oltinchi qismi uchun ilk tizerni taqdim etdi. Yangi multfilm «Muzlik davri: Qaynash nuqtasi» deb nomlanadi.
Uning jahon premyerasi 2027-yil 5-fevralga belgilangan. Tizer YouTube platformasida e’lon qilindi. Qisqa rolikda tomoshabinlarga tanish qahramonlar ulkan bug‘ bulutlaridan qochayotgani ko‘rsatilgan.
Ta’qib vaqtida qahramonlar turli to‘siqlarga duch keladi. Ular kulgili vaziyatlarga tushadi va xavfli holatlardan chiqishga harakat qiladi. Film nomi va tizer lavhalaridan kelib chiqib, yangi qismdagi asosiy sinov vulqon otilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Avvalgi filmlardagi aktyorlar o‘z rollariga qaytadi. Rey Romano yana mamont Menni, Jon Leguizamo Sid, Denis Liri esa Diego obraziga ovoz beradi. Shuningdek, Kuin Latifa Elli, Saymon Pegg Bak obrazini ovozlashtiradi. Kris Uej esa yana olmaxon Skretga ovoz beradi.
«Muzlik davri»ning birinchi qismi 2002-yilda chiqqan. Unda mamont Menni, yalqov Sid va qilichtish yo‘lbars Diego inson bolasini o‘z qabilasiga qaytarishga harakat qilgan.
Franshizaning oltinchi qismi ishlanayotgani 2025-yilda ma’lum bo‘lgan edi. Yangi film «Muzlik davri» seriyasining sakkiz yildan keyingi ilk to‘liq metrajli davomi bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri amerikalik ayol uch oyda Simpsonlar oshxonasining nusxasini yaratgani haqida yozgan edi.