Yevropaning 11 ta davlati rossiyaliklar uchun viza tartibini qat’iylashtirishni taklif qildi

eʼlon qilindi
Taklifni Shvetsiya ilgari surgan
Foto: Advantour

Yozgi sayyohlik mavsumi arafasida Yevropaning 11 davlati rossiyalik fuqarolarga Shengen vizalarini berish tartibini yanada qat’iylashtirish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Taklifni Shvetsiya ilgari surgan bo‘lib, uni Chexiya, Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Polsha, shuningdek, Islandiya va Norvegiya qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mazkur davlatlar Yevropa Ittifoqi rahbariyatiga yo‘llagan murojaatida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davom etayotgan bir paytda rossiyaliklarning Yevropaga sayohat qilishiga nisbatan yagona va qat’iy yondashuv zarurligini ta’kidlagan.

Tashabbus mualliflari amaldagi viza siyosati a’zo davlatlarda turlicha qo‘llanayotgani sababli umumiy pozitsiyada tafovutlar yuzaga kelayotganini qayd etmoqda. Ularning fikricha, bu holat Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan olib borayotgan siyosatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Takliflar orasida rossiyaliklar uchun yangi viza cheklovlarini joriy etish, mavjud qoidalarning bajarilishini kuchaytirish, viza statistikasi bo‘yicha muntazam ma’lumot almashish hamda sobiq rossiyalik harbiylarni aniqlash mexanizmlarini ishlab chiqish bor.

Shu bilan birga, ayrim davlatlar va ekspertlar bunday choralar samaradorligiga shubha bilan qaramoqda. Ularning fikricha, viza berish amaliyoti Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.

Masala Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan vazirlar uchrashuvida muhokama etilgan, biroq rasmiy kun tartibiga kiritilmagani sababli hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Avvalroq «Kursiv» nashri 30 kunlik vizasiz rejim bo‘yicha O‘zbekiston va Gonkong notalar almashgani haqida yozgandi.

Shuningdek