Chevrolet asoschisi, Soyuz 11 fojiasi va Pushkin tavalludi — kun tarixi

6-iyun sanasi koinotni zabt etishdagi fojialar, tarixiy yong‘inlar, mashhur avtokompaniyalarning tashkil etilishi hamda jahon adabiyoti namoyandalarining tavalludi bilan yodda qolgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

1799-yili Rossiyaning Moskva shahrida buyuk rus shoiri va zamonaviy rus adabiyotining asoschisi Aleksandr Pushkin dunyoga keldi. Uning «Yevgeniy Onegin», «Boris Godunov» kabi nodir asarlari jahon adabiyoti xazinasidan munosib joy olgan bo‘lib, O‘zbekiston xalqiga va adabiyot muxlislariga ham juda yaxshi tanish.
Do‘stlarimga she’ri
Parvardigor baxsh etmish sizga
Oltin kunduz, oltin kechalar,
Xumor qizlar ko‘z tutmish sizga
Sinchkov nigoh dilga o‘t qalar.
O‘ynang, kuylang, mening do‘stlarim!
Sho‘x oqshomlar o‘tkinchi, bir zum.
Tashvish bilmas baxtingizga jim
Ko‘zyosh bilan qilgum tabassum.

1889-yilda AQShning Sietl shahri markazi yirik yong‘in oqibatida butunlay yonib kul bo‘ldi. Yog‘och ustaxonasida boshlangan olov tezda tarqalib, 30 dan ortiq shahar kvartallarini vayron qilgan. Fojiadan so‘ng shahar ma’muriyati binolarni faqat tosh va g‘ishtdan qurishga hamda ko‘chalar sathini avvalgisidan ko‘tarishga qaror qildi.

1925-yili muhandis Uolter Kraystler tomonidan dunyoga mashhur Chrysler avtomobil kompaniyasiga asos solindi. Dastlab boshqa bir korxona negizida tashkil etilgan ushbu kompaniya tez orada AQShdagi eng yirik uchta avtomobil ishlab chiqaruvchining biriga aylandi va global bozorda o‘z o‘rnini topdi.

1941-yilda avtopoygachi, muhandis va O‘zbekistonda eng ommabop hisoblangan Chevrolet avtomobil kompaniyasi asoschilaridan biri Lui Shevrole vafot etdi. U 1911-yili Uilyam Dyurant bilan birgalikda ushbu avtokompaniyaga asos solgan, biroq oradan to‘rt yil o‘tib o‘z aksiyalarini sotib yuborgan va umrining oxirigacha moliyaviy qiyinchiliklarda yashagan.

1961-yili shveysariyalik mashhur psixiatr va tahliliy psixologiya asoschisi Karl Gustav Yung olamdan o‘tdi. Uning inson psixologiyasi, jamoaviy ongsizlik hamda «ekstravert/introvert» xarakterlari haqidagi izlanishlari zamonaviy psixiatriyaning poydevorini yaratdi va bugungi kunda ham har birimizga yaxshi tanish.

1971-yilda Sovet Ittifoqi tomonidan «Soyuz 11» kosmik kemasi koinotga uchirildi. Bu missiya uch nafar kosmonavtning dunyodagi ilk orbital stansiyada bo‘lishi bilan tarixga kirdi. Biroq Yerga qaytish chog‘ida kemadagi bosimning pasayib ketishi oqibatida butun ekipaj a’zolari fojiali ravishda halok bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 5-iyun sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.