Kongodagi Ebola xavfi hali pasaygani yo‘q — JSST

eʼlon qilindi
Mamlakat rasmiylari 1000 dan ortiq gumonli holat va qariyb 250 ta ehtimoliy o‘lim haqida ma’lum qilgan edi
Kongodagi Ebola xavfi hali pasaygani yo‘q — JSST
Foto: EPA

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bilan bog‘liq rasmiy raqamlar kamaygan bo‘lsa-da, holat epidemiyaning xavfi pasaydi, degani emas. Bu haqda JSST ma’lum qildi.

Avvalroq mamlakat rasmiylari 1000 dan ortiq gumonli holat va qariyb 250 ta ehtimoliy o‘lim haqida ma’lum qilgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kongoda 380 ga yaqin tasdiqlangan holat qayd etilgan. Ularning 60 tasi o‘lim bilan yakunlangan.

Qo‘shni Ugandada esa 15 ta tasdiqlangan holat va bitta o‘lim qayd etilgan. Raqamlardagi farq avval gumonli, hozir esa laboratoriya orqali tasdiqlangan holatlar hisoblanayotgani bilan bog‘liq. Shuning uchun kasallik birdan xavfsizroq bo‘lib qoldi, degan xulosa noto‘g‘ri bo‘ladi.

Laboratoriyalar isitmasi bor ko‘plab bemorlarni tekshirgan. Ularning ayrimlarida Ebola emas, boshqa kasalliklar, jumladan, Kongoda keng tarqalgan bezgak aniqlangan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesusga ko‘ra, epidemiya boshida tez tarqalish imkoniga ega bo‘lgan. Biroq hozir javob guruhlari vaziyatni nazoratga olishga harakat qilmoqda.

Shunga qaramay, eng katta muammolardan biri bemorlar bilan aloqada bo‘lgan odamlarni aniqlash bo‘lib qolmoqda. Hozir Ebola bemori bilan bevosita aloqada bo‘lganlarning faqat 45 foizi kuzatuvga olingan.

JSSTga ko‘ra, epidemiyani nazoratga olish uchun aloqada bo‘lganlarning kamida 90 foizi aniqlanishi va kuzatilishi kerak.

Avvalroq «Kursiv» Ebola virusini yuqtirgan 11 nafar bemor izolyatsiyadan qochib ketgani haqida yozgan edi.

Shuningdek