O‘zbekistonda yiliga bitta avtomobil import qilish cheklovi bekor qilindi

O‘zbekistonda fuqarolar va tadbirkorlar uchun bir yil davomida faqat bitta avtomobil import qilish bilan bog‘liq cheklov bekor qilindi. Bu haqda Bojxona qo’mitasi ma’lum qildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-apreldagi 237-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, transport vositalarini import qilishda muvofiqlik sertifikati berish bo‘yicha amalda bo‘lgan cheklov bekor qilindi.
Avval jismoniy va yuridik shaxslarga bir yil davomida faqat bitta transport vositasi uchun muvofiqlik sertifikati berilishi mumkin edi. Yangi tartibga ko‘ra, mazkur talab endilikda qo‘llanilmaydi.
Natijada jismoniy va yuridik shaxslar xorijdan avtomobil olib kirishda bir yilda bitta transport vositasi bilan cheklanmaydi. Transport vositalarini import qilishda muvofiqlik sertifikatini olish bo‘yicha avvalgi miqdoriy cheklov to‘liq bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq chegara bojxona postlarida ruxsatnoma berish punktlari ishga tushgani haqida xabar bergan edik.