Samarqandda qalbaki zargarlik buyumlari sotgan 20 ta subyekt aniqlandi

O‘zbekistonda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi bilan rasmiy shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari soni joriy yilning 1-iyun holatiga ko‘ra 2 778 taga yetdi. Ammo qalbaki mahsulotlarni sotayotgan subyektlar ham bor, masalan, Samarqand viloyatida 20 ta subyekt aniqlandi. Bu haqda Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Raximjon Boboyev Iqtisodiyot va moliya vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Inspeksiya rahbarining ta’kidlashicha, qonuniy ishlayotganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobarga yoki 700 ta tadbirkorga ko‘paygan. O‘sishning asosiy qismi ilgari yashirin iqtisodiyotda («soya»da) faoliyat yuritgan subyektlarning o‘z biznesini legallashtirishi hisobiga ta’minlangan.
Yashirin iqtisodiyot
Sohada qonuniy ishlayotgan zargarlarning norasmiy faoliyat yuritayotganlar yuzasidan e’tirozlari va yashirin iqtisodiyotga qarshi ko‘rilayotgan choralar haqidagi savolga javob berar ekan, Raximjon Boboyev bozorda qonunbuzarliklar hamon saqlanib qolayotganini tan oldi.
«Afsuski, noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar haligacha bor. Biz buni o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari jarayonida ham kuzatib turibmiz. Ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralari mavjud. Biroq hozirgi kunda bizning asosiy maqsadimiz jazolash emas, balki tushuntirish ishlaridir», — dedi inspeksiya boshlig‘i.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi, O‘zbekzargarsanoat uyushmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda joylarda tushuntirish seminarlari o‘tkazilmoqda. Ko‘plab tadbirkorlar rasmiy ro‘yxatdan o‘tish va xabarnoma yuborish tartibi murakkab emasligini tushunib yetgach, o‘z faoliyatini qonuniy yo‘lga qo‘ymoqda.
Samarqandda 20 ta subyektda qalbaki mahsulotlar aniqlandi
Matbuot anjumanida mahsulotlarning sifati va asillik darajasini suiiste’mol qilish holatlariga qarshi kurash masalasi ham ko‘tarildi. Inspeksiya rahbari yaqinda o‘tkazilgan reydlar davomida jiddiy qonunbuzilish holatlari fosh etilganini bildirdi.
«Yaqinda Samarqand viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlarda 20 ta tadbirkorlik subyektida qalbaki mahsulotlar aniqlandi. Ekspertlarimiz tomonidan ushbu mahsulotlar qonuniy tartibda olinib, ekspertizadan o‘tkazildi va barcha hujjatlar chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi», — dedi Raximjon Boboyev.
Viloyat aeroportlarida yangi filiallar ochilishi mumkin
Toshkent xalqaro aeroportida joriy yilning 1-martidan buyon inspeksiyaning maxsus filiali bojxona organlari bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatmoqda (Toshkent-AERO). Respublika viloyatlaridan xorijga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ko‘paygani sababli, kelgusida ushbu tajribani boshqa hududiy aeroportlarda ham joriy etish rejalashtirilmoqda.
Boboyevning ma’lum qilishicha, hukumatga viloyatlarda inspeksiya filiallarini ochish bo‘yicha taklif kiritilgan. Agar ushbu taklif ma’qullanib, ruxsat berilsa, viloyat aeroportlarida ham asillik darajasini aniqlash va qonuniy tamg‘alash punktlari tashkil etiladi. Bu o‘z navbatida, tadbirkorlarga qulaylik yaratish bilan birga, qimmatbaho metallarning noqonuniy olib chiqib ketilishiga chek qo‘yish imkonini beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonda tabiiy olmos xomashyosini xorijdan import qilish hamda unga mamlakat ichida ishlov berib, brilliantga aylantirish bo‘yicha dastlabki ishlab chiqarish jarayonlari boshlangani haqida yozgan edi.