
«Sherobod sement zavodi» MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz ulush hamda «Sharg‘unko‘mir» AJ ustav kapitalidagi 99,55 foiz davlat aksiyalar paketini sotish bo‘yicha ochiq savdo jarayoni davom etmoqda. Bu haqda Davlat aktivlari agentligi ma’lum qildi.
Xususiylashtirish bo‘yicha konsultant – «Alkes Research» kompaniyasining tavsiyasiga ko‘ra, ko‘proq salohiyatli investorlarni jalb etish, ularga investitsiya takliflarini tayyorlash uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratish va savdo jarayonining raqobatbardoshligini oshirish maqsadida qiziqish bildirish arizalarini (Expression of Interest — EoI) qabul qilish muddati 2026-yil 25-iyun soat 23:59 ga qadar uzaytirildi.
Qiziqish bildiruvchi investorlar arizalarini info@alkes.co elektron pochta manziliga yuborishlari mumkin. Xususiylashtirish jarayoni mahalliy va xorijiy investorlar uchun ochiq bo‘lib, u ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab qiziqish bildirish arizalari qabul qilinadi, so‘ng saralashdan o‘tgan ishtirokchilar majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni taqdim etish bosqichiga o‘tadi.
Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan «Sherobod sement zavodi» MChJ yiliga 1,5 mln tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonaning umumiy yer maydoni 584,7 gektarni tashkil etadi. «Sharg‘unko‘mir» AJ esa Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida joylashgan bo‘lib, yer osti va ochiq usulda ko‘mir qazib chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonna bo‘lib, tasdiqlangan ko‘mir zaxiralari A+B+C1 toifasi bo‘yicha 31,5 mln tonna, C2 toifasi bo‘yicha esa 7,1 mln tonnani tashkil qiladi.
EoI bosqichida talabgorlardan kompaniya faoliyati, mulkdorlar tarkibi va oxirgi uch yillik moliyaviy hisobotlar taqdim etilishi talab qilinadi. Shuningdek, investorlar «Sherobod sement zavodi»ni ko‘mir yoqilg‘isi asosida ishlashga moslashtirish hamda «Sharg‘unko‘mir»da ishlab chiqarish hajmini 2026-yilning ikkinchi yarmidan boshlab yiliga 1 mln tonnaga yetkazish uchun kamida $20 mln miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritish bo‘yicha tayyorligini bildirishi kerak.
Saralash jarayonida investorlarning moliyaviy imkoniyatlari, amaldagi qonunchilik va xalqaro sanksiyalar talablariga muvofiqligi, shuningdek, davlat kompaniyasi maqomiga ega emasligi kabi mezonlar inobatga olinadi. Keyingi bosqichga o‘tgan ishtirokchilar bilan maxfiylik to‘g‘risidagi bitim imzolanadi hamda ularga korxonalar faoliyatiga oid batafsil ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh kompaniyasi MobiUz’ni 351 million dollarga sotib olgani haqida xabar bergan edik.