Chevrolet Captiva 5 narxi 55 mln so‘mga arzonlashdi

11-avgust 2026 11:16 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Captiva 5 narxi 55 mln so‘mga arzonlashdi
Foto: Kursiv Uzbekistan/ Samijon Juraqulov

O‘zbekistonda 2024 – 2025-yillarda ishlab chiqarilgan Chevrolet Captiva 5 avtomobillari uchun chegirma miqdori 55 mln so‘mgacha oshirildi. Bu haqda Autostrada nashri ma’lum qildi.

Modelning LT2 komplektatsiyasi 264,9 mln so‘m, Premier versiyasi esa 294,9 mln so‘mdan taklif qilinmoqda. Ayrim dilerlar zavod chegirmasiga qo‘shimcha ravishda yana 5 mln so‘mgacha chegirma taqdim etayotgani aytilmoqda. Bunday holatda Captiva 5’ning boshlang‘ich narxi qariyb 260 mln so‘mgacha tushishi mumkin.

2024 – 2025-yilgi avtomobillarga 55 mln so‘m chegirma berilmoqda

Chevrolet Captiva LT2’ning avvalgi narxi 319,9 mln so‘m edi. 55 mln so‘mlik chegirmadan so‘ng avtomobil 264,9 mln so‘mga tushmoqda.

Premier komplektatsiyasi esa 349,9 mln so‘mdan 294,9 mln so‘mgacha arzonlashtirilgan. Shunday qilib, ikki versiya o‘rtasidagi narx farqi avvalgidek 30 mln so‘mni tashkil etadi.

Aksiya, asosan, dilerlarda qolgan 2024 va 2025-yilda ishlab chiqarilgan avtomobillarga taalluqli. Ayrim avtosalonlarning o‘z hisobidan qo‘shimcha chegirma berishi sabab yakuniy narx dilerga qarab farq qilishi mumkin.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Captiva 5 149 ot kuchiga ega

Chevrolet Captiva 5’ning har ikki versiyasi 1,5 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan. Motor 149 ot kuchi va 255 Nm aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi.

Avtomobilda CVT variator uzatmalar qutisi va old g‘ildirakdan tortish tizimi qo‘llanadi. Model 0 dan 100 km/soatgacha 13,6 soniyada tezlashadi, maksimal tezligi esa 170 km/soatni tashkil qiladi. Aralash sikldagi yoqilg‘i sarfi 100 kilometrga 11,6 litr deb ko‘rsatilgan. Yoqilg‘i baki 52 litr sig‘imga ega.

Captiva 5’ning uzunligi 4 670 mm, kengligi 1 835 mm va balandligi 1 750 mm. G‘ildiraklar bazasi 2 750 mm, klirensi esa 180 mm ni tashkil etadi. Yukxona hajmi 275 litrga teng.

Premier versiyasi ko‘proq qulaylik taklif qiladi

LT2 va Premier versiyalarida dvigatel, transmissiya, kuzov o‘lchamlari hamda asosiy texnik ko‘rsatkichlar bir xil. Narxdagi 30 mln so‘mlik farq asosan jihozlanish darajasiga bog‘liq.

LT2 versiyasida orqa kamera, orqa parktronik, konditsioner, to‘rtta karnay, halogen faralar va mexanik qo‘l tormozi mavjud. Salon yetti o‘rindiqli bo‘lib, o‘rindiqlar sun’iy charm bilan qoplangan.

Premier’da esa 360 darajali kamera, old va orqa parktronik, LED faralar, iqlim nazorati, panoramali tom, oltita karnay, qo‘shimcha USB port va elektr qo‘l tormozi mavjud. Haydovchi o‘rindig‘i ham elektr yordamida sozlanadi.

Model Xitoydan import qilinadi

Foto: Chevrolet

Hozirgi Chevrolet Captiva 5 SAIC-GM platformasida yaratilgan bo‘lib, uning asosida Baojun 530 modeli yotadi. O‘zbekistonda sotilayotgan avtomobillar Xitoydan import qilinadi.

Model yetti o‘rindiqli krossover sifatida taklif etiladi. Biroq Captiva 5 O‘zbekistonda avvalgi avlod Captiva modellari darajasidagi ommaviylikka erisha olmadi. 2024 – 2025-yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillarga berilayotgan 55 mln so‘mlik chegirma esa modelni 260 – 295 mln so‘mlik narx oralig‘iga olib keldi.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Chevrolet Cobalt savdolari pasaygani haqida yozgan edi.

Shuningdek