Denovda gashish sotmoqchi bo‘lgan yigit 10 yilga qamaldi

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida giyohvandlik vositasini (gashish) sotishga uringan 24 yoshli yigitga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda MY5 telekanalida ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, yigit avval bir marta bezorilik uchun sudlangan. Yana ikki marta giyohvandlik va psixotrop moddalarni qonunga xilof muomalaga kiritganlik uchun javobgarlikka tortilgan.
U navbatdagi jinoyatida 366,93 gramm gashish moddasini sotishga uringan. Giyohvandlik vositasi 100 mln so‘mga baholangan. Tezkor tadbir vaqtida yigit o‘ziga nisbatan kuzatuv olib borilayotganini sezib qolgan. Shundan so‘ng u giyohvandlik vositasini voqea joyiga tashlab, pul mablag‘lari bilan qochib ketgan.
Biroq u qo‘lga olingan va ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sudlanuvchi sud majlisida aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U qilmishidan pushaymonligini bildirgan.
Sud hukmiga ko‘ra, unga jinoyatlar majmui tartibida 10 yil-u 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo qattiq tartibli koloniyada o‘tattiriladi. Jazo muddati 2026-yil 4-yanvardan hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» 4 ming dollar evaziga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olingani haqida yozgan edi.