Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi yana davlat mulkiga aylandi

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi yana davlat — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) nazoratiga o‘tkazildi.
8-iyun holatiga ko‘ra, korxonaning ustav fondi 124,5 mlrd so‘mni tashkil etadi. Gazeta.uz nashrining yozishicha, avvalroq agentlik 58,5% ulushga ega bo‘lgan, qolgan ulush esa Saneg korxonasiga tegishli edi.

Eslatib o‘tamiz, Neftni qayta ishlash zavodidagi 100% davlat ulushini Saneg kompaniyasi 2022-yilda 100 million so‘mga sotib olgan edi. Ikki yildan so‘ng xususiy investorning ulushi 41,5 foizgacha pasaygani ma’lum bo‘ldi.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi — Markaziy Osiyodagi eng yirik va qadimiy neftni qayta ishlash korxonalaridan biri bo‘lib, Farg‘ona shahrida joylashgan.
Korxona 1959-yil yanvar oyining oxirida ish boshladi. Dastlab u motor yonilg‘isi va moylash materiallarini ishlab chiqardi. Keyinchalik zavodda benzin, dizel va aviatsiya yonilg‘isi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, korxonaning zarari 538,1 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda uning foydasi 220 mlrd so‘mni tashkil etgan. Uzoq muddatli kreditlar yil davomida 3,2 trln so‘mdan 3,3 trln so‘mga oshdi, qisqa muddatli kreditlar esa 1,2 trln so‘m darajasida qoldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saneg nafas olish gazlarini utilizatsiya qilish tizimini ishga tushirgandi. Nafas olish gazlari – neft mahsulotlarining bug‘lari bo‘lib, harorat o‘zgarishi yoki quyish-tushirish jarayonida yuzaga keladi. Agar bu bug‘lar ushlanmasa, yiliga 8 million kub metrdan ortiq yo‘qotishga sabab bo‘ladi.