Fond bozori: qaysi aksiyalar qimmatlashdi

eʼlon qilindi
26-maydan 5-iyungacha bo‘lgan davrda
Foto: Depositphotos

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 26-maydan 5-iyungacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 4,07 foizga oshdi.

Ushbu davr mobaynida «Trastbank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 33,68 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Buxoroneftgazparmalash» (+13,62%) va «SQB» aksiyalarida (+11,93%) ham o‘sish qayd etildi.

O‘z navbatida, «Qashqadaryo texnologik transport» aksiyalari 6,44 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Kvarts» (-5,15%) va «Biokimyo» (-4,55%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Kapital sug‘urta» va «O‘zmetkombinat» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Bitimlar soni bo‘yicha Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF, 3 807 ta), «Kapital sug‘urta» (3 368 ta) va «Hamkorbank» (1 129 ta) peshqadam bo‘ldi.

Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa UzNIF (13,95 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «Hamkorbank» (968,98 mln so‘m) va «O‘zRTXB» (756,35 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.

Yuqori likvidli aksiyalardan 22 tasi haftani ijobiy, ikkitasi o‘zgarishsiz va 14 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 148,31 mlrd so‘m bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1,8 trillion so‘mlik obligatsiyalar O‘zbekistonda aksiyalarni qanday ortda qoldirgani haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida «Toshkent» RFBda aksiyalarning chakana aylanmasi 65,91 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, obligatsiyalar bozori rekord darajadagi 1,8 trln so‘m mablag‘ jalb qildi. Savdolar o‘ta yuqori konsentratsiyani ko‘rsatdi: aksiyalar bozoridagi likvidlikning qariyb 92 foizi dastlabki o‘ntalikdagi aksiyalar hissasiga to‘g‘ri keldi, yetakchi 10 ta obligatsiya esa umumiy aylanmaning 99,6 foizini jamladi. 

Shuningdek