«Panduslar» bo‘yicha ishlar hali to‘liq yakunlanmagan — Toshkent metropoliteni

Toshkent metropoliteni metro bekatlarida o‘rnatilayotgan elektron ko‘targich (pandus)lar bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, imkoniyati cheklangan shaxslar va keksalar uchun metro bekatlarining kirish-chiqish qismlariga zamonaviy elektron ko‘targich (pandus)lari o‘rnatilmoqda.
Loyiha Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilmoqda. Qurilish va montaj ishlari esa «Texnopark» MChJ tomonidan bajarilmoqda.
Hozirda qurilmalarni o‘rnatish, sozlash va sinovdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda. Shu sababli «panduslar» bo‘yicha ishlar hali to‘liq yakunlanmagan.
Metropoliten mutasaddilarining ta’kidlashicha, qurilmalarni tezroq va sifatli foydalanishga topshirish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga bir necha bor rasmiy murojaatlar yuborilgan. Yaqinda Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ishlarni jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berilgan.
Ayni paytda elektron «panduslar» Toshkent metropoliteni balansiga qabul qilinmagan. Ular barcha qurilish-montaj ishlari yakunlanib, texnik talablar va qabul qilish tartiblari to‘liq bajarilgandan keyingina metropoliten tasarrufiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, har bir «pandus» yoniga undan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomalar joylashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq elektrdagi uzilishlar fonida metro harakati vaqtincha to‘xtab qolgani xabar qilingandi. Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, bunga shahar elektr tarmoqlaridagi yuqori kuchlanish uzilishi sabab bo‘lgan. Holat metro poyezdlari harakati va bekatlardagi yoritish tizimlariga ta’sir ko‘rsatgan.