Samarqandda buvisi tomonidan zo‘ravonlikka uchragan 7 nafar bola himoyaga olindi — video

eʼlon qilindi
Bolalarga vasiyligidagi buvisi tomonidan muntazam ravishda jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazib kelingan
Samarqandda buvisi tomonidan zo‘ravonlikka uchragan 7 nafar bola himoyaga olindi
Foto: Videodan olindi

Samarqand shahrida yetti nafar voyaga yetmagan bolaning huquqlari buzilgani yuzasidan tarqalgan videolardan so‘ng masala mutasaddilar nazoratiga olindi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

Video: Ijtimoiy tarmoqlardan olindi

O‘rganishlar davomida bolalarga vasiyligidagi buvisi tomonidan muntazam ravishda jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazib kelingani ma’lum bo‘ldi.

Bolalar ombudsmani ma’lumotiga ko‘ra, holat joyiga chiqib o‘rganilgan va 61 yoshli ayolning o‘z qaramog‘idagi yetti nafar nevarasiga nisbatan zo‘ravonlik qilgani aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Bolalarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida ularga himoya orderlari rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, ayolning bolalar ustidan vasiylik huquqi bekor qilinib, voyaga yetmaganlar oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgan.

Bolalar ombudsmani ushbu ish bolalar manfaatlari nuqtai nazaridan nazoratda qolishini va vaziyat yuzasidan monitoring davom ettirilishini bildirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda ikki nafar qizga nisbatan zo‘ravonlik holati aniqlangani haqida yozgandi.

Shuningdek