Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida neft narxi 4 foizdan ko‘proqqa oshdi

eʼlon qilindi
Isroilning Erondagi neft-kimyo majmuasiga bergan zarbalari ortidan
neft, tabiiy gaz
Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida neft narxi 4 foizdan ko‘proqqa oshdi / Foto: Getty Images

8-iyun kuni global neft bozori Yaqin Sharqdagi harbiy keskinlik kuchayishi ortidan 4 foizdan yuqori o‘sishni qayd etdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Brent markali neft fyucherslari $4,02 (4,3%) ga ko‘tarilib, barreliga $97,11 ga yetdi. AQShning WTI nefti esa $3,90 (4,3%) oshib, $94,44 ni tashkil qildi (0914 GMT holatiga ko‘ra).

Narxlar o‘sishiga Isroilning Eron hududiga, jumladan Mahshahr neft-kimyo majmuasiga bergan zarbalari va Livanga qilingan hujumlar sabab bo‘ldi. Eron tomonidan esa Isroil nishonlariga raketa zarbalari yo‘llangan. Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuga hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi.

Eronning Moskvadagi elchisi Hormuz bo‘g‘ozi ochiq qolishini, biroq yangi shartlar asosida, jumladan Eron va Ummon tomonidan belgilanishi mumkin bo‘lgan tranzit to‘lovlari bilan ishlashini bildirdi. Ma’lumot uchun, ushbu bo‘g‘oz orqali dunyo neft va suyultirilgan gazining qariyb beshdan biri o‘tadi.

Bozor ishtirokchilari mojarolar kengayishi fonida ta’minot uzilishlari xavfidan xavotir bildirmoqda. Shunga qaramay, OPEK+ mamlakatlari ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha to‘rtinchi marta kelishuvga erishdi. Tahlilchilarga ko‘ra, hozirgi sharoitda bu qarorning bozordagi real ta’siri sezilarli bo‘lmaydi.

Mojarolar boshlanganidan beri Brent nefti 34 foizga, WTI esa 41 foizga qimmatlashgan. Brent narxi mart oyida deyarli $120 gacha yetgan.

Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirida Yaqin Sharqdagi muzokaralar sabab neft narxi 6 foizga tushib ketgan edi.

Shuningdek