
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar va tomoshabinlar orasida katta qiziqish uyg‘otayotgan «Dacha» filmi ortida uzoq tayyorgarlik, katta tavakkal va fidoyi jamoaning mehnati bor. Film rejissyori Sunnat Namozovning aytishicha, loyiha oddiy g‘oyadan boshlangan va vaqt o‘tishi bilan yuz minglab dollarlik kino loyihasiga aylangan.
Film g‘ururimga tekkan bir voqeadan paydo bo‘lgan — Namozov
Sunnat Namozovning aytishicha, filmni suratga olish qarori uning g‘ururiga tekkan bir voqeadan keyin paydo bo‘lgan. U xorijiy safarlardan birida o‘zini rejissor deb tanishtirganida, suhbatdoshi undan «qaynota-kelin» mavzuidagi seriallar olishini so‘ragan. Namozov esa bungacha bunday serial va telenovellalarda umuman ishlamaganini ta’kidlaydi.
Shu voqeadan keyin uni bir savol qiynay boshlagan: agar O‘zbekistonda xalqaro darajadagi reklama va klip olish mumkin bo‘lsa, nega shunday sifatdagi kino olish mumkin emas?
Rejissor aynan shu savol uni katta kino ichiga kirishga undaganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kino nafaqat ijod, balki katta sanoat va biznes hamdir.
Namozov film uchun katta tavakkal qilganini, qarzga kirganini, ammo bundan afsuslanmasligini bildirgan.
Ssenariy 10 kun ichida yozilgan
Filmining ssenariysi qisqa vaqt ichida tayyorlangan. Rejissyor g‘oya allaqachon shakllanib bo‘lgani uchun asosiy matnni taxminan bir hafta ichida yozib tugatganini aytadi. Keyinchalik ssenariy mutaxassislar bilan muhokama qilinib, takomillashtirilgan.
Film uchun katta tavakkal qilingan
Namozov dastlab filmni $30 – 40 ming atrofidagi budjet bilan suratga olishni rejalashtirgan. Biroq loyiha kengayib borgan va xarajatlar sezilarli darajada oshgan. Natijada film uchun $310 mingdan ortiq mablag‘ sarflangan. Rejissyor buning uchun katta qarzga kirganini ham ochiq aytdi.
Dastlabki yordam Moskvadan kelgan
Loyiha boshlanishida eng muhim yordam Moskva shahridagi «Zvezdopad» restorani rahbari tomonidan ko‘rsatilgan. Rejissyorning aytishicha, u film haqida eshitgach, hech qanday so‘rovsiz dastlabki $20 ming mablag‘ ajratgan. Bu esa loyihani boshlash uchun muhim turtki bo‘lgan.
Suratga olish ishlari 21 kunda yakunlangan
Filmning asosiy suratga olish jarayoni 21 kun davom etgan. Syomka jarayonlari boshlangandan tugagunga qadar umumiy to‘qqiz yarim oy vaqt ketgan. Tasvirga olish ishlari, asosan, Oqtoshda olib borilgan. Ayrim sahnalar boshqa lokatsiyalarda ham suratga olingan.
Professional jamoa birlashgan
Loyihaga taniqli operator Rustam Murodov, kostyum bo‘yicha mutaxassislar va boshqa tajribali kino ustalari jalb qilingan. Rejissyorning ta’kidlashicha, ko‘plab mutaxassislar ssenariyni o‘qigach, loyihaga ishonib qo‘shilgan va ayrimlari odatdagi gonoraridan ham voz kechgan.
Film nima haqida
«Dacha» jamiyatdagi salbiy illatlar va o‘z qilmishining oqibatidan qochib qutula olmaydigan insonlar haqida hikoya qiladi. Rejissyor filmning asosiy g‘oyasi «qilmish-qidirmish» ekanini aytadi. Ya’ni inson qilgan ishining javobini ertami-kechmi oladi.
Mashhur aktyorlardan voz kechilgan
Filmda taniqli yulduzlar emas, ko‘proq yosh aktyorlarga imkon berilgan. Rejissyor bunga sabab sifatida tomoshabin qahramonni aktyor emas, obraz sifatida qabul qilishi kerakligini ko‘rsatgan. Filmda qozog‘istonlik aktyor Azat Jumadil, koreyalik aktrisa Son Da Sol ham rol ijro etgan.
Sunnat Namozov film orqali nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro bozorda ham muvaffaqiyat qozonishni maqsad qilgan. Uning fikricha, mahalliy kino mahsulotlari ham xalqaro standartlarga javob bera oladi va chet el auditoriyasini qiziqtira oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘rgimchak odam: Yangi kun» o‘zbek tilida chiqishi ma’lum qilingandi. Film «O‘rgimchak odam» franshizasining to‘rtinchi qismi hisoblanadi. Unda bosh qahramon Piter Parker obrazini yana Tom Holland gavdalantirgan.