AQSh vertolyoti Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida qulab tushdi

AQSh armiyasiga tegishli AH-64 Apache jangovar vertolyoti 8-iyun kuni Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida qulab tushdi. Hodisadan so‘ng vertolyotning ikki nafar ekipaj a’zosi qutqarib olindi, deya xabar bermoqda New York Times.
Manbalarga ko‘ra, vertolyotning qulashiga nima sabab bo‘lgani hozircha aniqlanmagan. U Eron tomonidan urib tushirilganmi, texnik nosozlik yuz berganmi yoki boshqa omillar sabab bo‘lganmi, bu masala yuzasidan tergov olib borilmoqda.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi mintaqada Eronning Hormuz bo‘g‘ozi orqali tijorat kemalari harakatiga qo‘ygan cheklovlariga qarshi faol operatsiyalar olib bormoqda. Ushbu missiyalarda Apache vertolyotlari bilan bir qatorda MQ-9 Reaper dronlari hamda F/A-18 va F-35 jangovar samolyotlari ham qo‘llanilmoqda.
Urush boshlangan 28-fevraldan buyon Eron tomonidan qariyb 30 ta Reaper droni urib tushirilgan. Shuningdek, bir nechta AQSh harbiy samolyotlari jangovar va tasodifiy o‘q uzish holatlari oqibatida yo‘qotilgan. Biroq bu mojaro davomida yo‘qotilgan ilk Apache vertolyoti bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Hellfire raketalari bilan jihozlangan AH-64 Apache mintaqadagi eng kuchli jangovar vertolyotlardan biri hisoblanadi. Ular kichik katerlar hujumlarini jilovlash va dronlarni yo‘q qilish maqsadida strategik ahamiyatga ega suv yo‘llarida patrullik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hormuz bo‘g‘ozi yangi shartlar asosida ochiq qolishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.