Husiylar Qizil dengizda Isroil kemalariga taqiq e’lon qildi

Yamandagi «Ansorulloh» (Husiylar) harakati Qizil dengiz orqali Isroil kemalari harakatiga to‘liq taqiq joriy etilganini e’lon qildi. Bu haqda «Interfaks» ma’lum qildi.
Harakat harbiy qo‘mondonligi bayonotida Isroilga tegishli yoki u bilan bog‘liq barcha dengiz tashuvlari harbiy nishon sifatida ko‘rilishi aytilgan. Husiylar bayonotiga ko‘ra, taqiq e’lon qilingan vaqtdan boshlab Qizil dengizdagi Isroil kemalari ularning qurolli kuchlari uchun qonuniy harbiy nishon hisoblanadi.
«Biz Qizil dengizda Isroil dengiz qatnoviga to‘liq va keng qamrovli taqiq joriy qilamiz», — deyiladi harakat harbiy vakili Yahyo Sari e’lon qilgan bayonotda.
Shuningdek, husiylar vaziyat keskinlashsa, unga javoban harbiy operatsiyalar ham kuchaytirilishini bildirdi. Bayonotda harakat «maydondagi vaziyat va jang jarayoniga qarab» harakat qilishini ta’kidladi.
Husiylar Isroilning Yaffa hududidagi muhim obyektlariga raketa zarbasi berganini ham ma’lum qildi. Bayonotda bu hujum «Amerika-Isroil agressiyasiga qarshi javob» sifatida izohlangan.
Qizil dengiz xalqaro savdo uchun muhim dengiz yo‘llaridan biri hisoblanadi. Shu sababli husiylarning yangi bayonoti mintaqadagi xavfsizlik vaziyatini yanada keskinlashtirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yaqin Sharqdagi notinchlik sabab neft narxi 115 dollardan oshgani haqida yozgan edi.