Malayziya kompaniyasi Farg‘onada arzon uy-joylar quradi

Kuala-Lumpurda O‘zbekiston va Malayziya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Orientex Synergy kompaniyasi bilan Farg‘onada arzon uy-joylar qurish bo‘yicha memorandum imzolandi, deya xabar berdi «Dunyo».
Tadbirda 150 dan ortiq ishbilarmon, 120 dan ziyod Malayziya kompaniyasi va tarmoq assotsiatsiyalari vakillari qatnashdi.
Forumda Farg‘onaning Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishdagi qulay hudud ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, Malayziya Xitoy assotsiatsiyasi bilan qo‘shma loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar farmatsevtika, qayta tiklanuvchi energetika, quruqlik porti, organik o‘g‘itlar va hasharotlardan oqsil ishlab chiqarish yo‘nalishlarini ham muhokama qildi.
Joriy yilda Malayziya kompaniyalarining Farg‘ona viloyatiga biznes-missiyasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malayziyaning O‘zbekistondagi elchisi diplomatik missiyasini yakunlagandi. Unga ko‘ra, Saidov diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Malayziyaning O‘zbekistondagi elchisi Ilxam Tua bin Illias bilan xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi siyosiy muloqotlar, savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar, ta’lim, turizm hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi.