O‘zbekistonda parallel qurilish amaliyoti bekor qilinadi

eʼlon qilindi
Bunday amaliyot o‘rniga bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida qurilish ishlari yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda parallel qurilish amaliyoti bekor qilinadi
Foto: Unsplash

O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan boshlab yangi obyektlarda parallel qurilish amaliyoti bekor qilinadi. Bu prezidentning tegishli farmonida belgilandi.

Parallel qurilish deganda loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini bir vaqtda olib borish tushuniladi. Yangi tartibga ko‘ra, bunday amaliyot o‘rniga bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida qurilish ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Tajriba-sinov tartibida tadbirkorlik subyektlariga ayrim obyektlar bo‘yicha bosqichma-bosqich loyiha asosida qurilish-montaj ishlarini bajarishga ruxsat beriladi. Bu tartib tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarga tatbiq etiladi.

Biroq ko‘p kvartirali uy-joylar bu tartibga kiritilmaydi. Ya’ni bunday uylar bo‘yicha bosqichma-bosqich loyiha asosida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat berilmaydi. Qurilish ishlari obyektning har bir bosqichi bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan o‘tgandan keyin boshlanadi. Shuningdek, hujjatlar inspeksiya tomonidan ro‘yxatga olinishi kerak bo‘ladi.

Shundan so‘ng qurilish-montaj ishlari tasdiqlangan reja-grafik asosida amalga oshiriladi. Jarayonlar «Qurilishda davlat nazorati» elektron platformasi orqali monitoring qilinadi.

Alohida tartib kimlar uchun

Budjet tizimi budjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar bo‘yicha alohida tartib belgilanadi. Bunday obyektlarda bosqichma-bosqich loyiha asosida qurilish-montaj ishlarini faqat prezident yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Vazirlik va inspeksiya 2027-yil yakuniga qadar tajriba-sinov natijalarini tahlil qiladi. Ijobiy natijalar bo‘lsa, tartibni davom ettirish va boshqa yo‘nalishlarga tatbiq etish bo‘yicha takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Farmonda davlat xaridlari bilan bog‘liq yana bir yengillik ham belgilangan. «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida pudratchi aniqlanadigan obyektlar bo‘yicha texnik topshiriqlarni ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi.

Bu tartib qiymati BHMning 25 ming baravarigacha bo‘lgan obyektlarga ham tegishli bo‘ladi. Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu miqdor 10,3 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri uy-joy qurilishidan minglab norozilik murojaatlari kelib tushgani haqida yozgan edi.

Shuningdek