AliExpress platformasida o‘zbekistonlik foydalanuvchilar xaridlar uchun to‘lov qila olmayapti

O‘zbekistonda AliExpress marketplace foydalanuvchilari buyurtmalar uchun to‘lov qilishda muammolarga duch kelmoqda. Xususan, Humo va Uzcard kartalari orqali to‘lov qilish imkoniyati mavjud emas.
Buyurtma rasmiylashtirilgach, foydalanuvchilarga Humo va Uzcard kartalari orqali to‘lov amalga oshirib bo‘lmasligi haqida ogohlantirish chiqmoqda. Shu bilan birga, Visa kartasi orqali to‘lov qilishga urinish ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan. «Kursiv» muxbiri Visa kartasi orqali xaridni rasmiylashtirishga urinib ko‘rganida, buyurtma uchun to‘lov amalga oshmagan.

Kursiv Uzbekistan holatga izoh olish maqsadida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) va Soliq qo‘mitasiga so‘rov yubordi.
«Sizga shuni ma’lum qilmoqchimizki, to‘lov cheklovlari bilan bog‘liq masalalar agentlik vakolatiga kirmaydi», — deya qayd etdi ILMA matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan nashriga.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida Oliy Majlis Senati xorijiy kompaniyalar O‘zbekistondagi xaridorlarga marketplace’lar orqali tovar sotgan taqdirda, ularni QQS to‘lashga majbur etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qullagan edi.
Hujjat elektron tijorat qoidalariga ham o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Xususan, unda xorijiy sotuvchilarni soliqqa tortish tartibi, shuningdek, transchegaraviy onlayn xaridlar va to‘lovlar bilan bog‘liq masalalar tartibga solinadi.
Buning uchun Soliq kodeksi va «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilgan. Rasmiylar yangi choralar soliq yig‘imlarini yanada shaffof qilish hamda xorijiy onlayn platformalar orqali tovar va xizmatlar xaridi tez o‘sib borayotgan bir paytda budjet yo‘qotishlarini kamaytirishga yordam beradi, deb hisoblamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalar orqali savdoni tekshirgani haqida yozgan edi.