AQSh va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oltin narxini tushirmoqda

Oltin va kumush narxlari keskin tushib ketdi. 10-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 10:00 holatiga oltin qariyb 2,1 foizdan ko‘proqqa arzonlab, bir unsiyasi $4,2 ming darajasidan tushdi.
Kumush ham kuchli bosim ostida qoldi va 2,6 foizdan ko‘proq arzonlab, Toshkent vaqti bilan soat 10:00 holatiga $63,5 atrofida savdo qilindi.
Bloomberg yozishicha, AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlikning yana kuchayishi fonida oltin narxi pasayishda davom etdi. Bozor ishtirokchilari Yaqin Sharqdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
AQSh harbiylari Eron tomonidan AQShning harbiy vertolyoti urib tushirilganidan so‘ng «o‘zini himoya qilish maqsadida» yangi zarbalar berganini ma’lum qildi. Donald Tramp Tehronni ushbu hodisada aybladi.
Eronning davlat telekanali esa Hormuz bo‘g‘ozidagi Qeshm orolida kamida oltita portlash sodir bo‘lganini xabar qildi.
Tahlilchilarga ko‘ra, AQSh va Eron o‘rtasidagi yangi harbiy harakatlar mintaqadagi vaziyatni yanada murakkablashtirishi va global moliya bozorlaridagi noaniqlikni kuchaytirishi mumkin.
O‘zbekistonda oltin narxi qanday
O‘zbekistonda ham oltin quymalar narxi keskin pasayishni qayd etmoqda. Markaziy bank 10-iyun Toshkent vaqti bilan soat 10:06 holatiga oltin quymalarini sotish va sotib olish narxlarini e’lon qildi.
Quyida oltin quymalarining grammlariga nisbatan sotish va sotib olish narxlari keltirilgan:
| Og‘irligi | Sotish narxi | Qaytarib sotib olish (qadog‘i but) | Qaytarib sotib olish (qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos emas) |
|---|---|---|---|
| 5 gramm | 9 359 000 so‘m | 8 272 000 so‘m | 8 189 000 so‘m |
| 10 gramm | 18 717 000 so‘m | 16 545 000 so‘m | 16 377 000 so‘m |
| 20 gramm | 36 655 000 so‘m | 33 089 000 so‘m | 32 755 000 so‘m |
| 50 gramm | 91 555 000 so‘m | 82 723 000 so‘m | 81 887 000 so‘m |
| 100 gramm | 180 920 000 so‘m | 165 445 000 so‘m | 163 774 000 so‘m |
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda kelgusi besh yil ichida oltin zaxirasini qo‘shimcha 879 tonnaga oshirish rejalashtirilmoqda. Bunga erishishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish ko‘zda tutilgan. Ular geologik ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, foydali qazilmalarni prognozlash, zaxiralarni aniq hisoblash va burg‘ilash ishlari samaradorligini oshirish imkonini beradi.