GM elektromobillar orqali elektr energiyani sotishni joriy etmoqda

GM elektromobil egalari yaqin orada avtomobillaridagi ortiqcha elektr energiyasini umumiy elektr tarmog‘iga uzatib, bundan daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
General Motors AQShdagi elektromobillar uchun dasturiy ta’minot yangilanishini ishga tushirdi. Yangilanish GM’ning vehicle-to-home tizimi orqali avtomobil akkumulyatoridagi elektr energiyasini nafaqat uyga, balki elektr tarmog‘iga ham uzatish imkonini beradi.
Mazkur tizim avval elektr ta’minotida uzilish yuz berganda elektromobil yordamida uylarni energiya bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan edi. Endi esa foydalanuvchilar ortiqcha energiyani kommunal xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarga sotishi mumkin bo‘ladi. Bunday operatsiyalardan GM ham ulush oladi.
Hozircha bunday imkoniyatni juda kam sonli energetika kompaniyalari taklif qilmoqda va texnologiya asosan sinov bosqichida qolmoqda. GM Energy daromadlar bo‘yicha direktori Aseem Kapurning Reuters’ga ma’lum qilishicha, kompaniya ushbu yo‘nalishda o‘nlab energetika korxonalari bilan muzokaralar olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Tracker avtomobilining narxi pasaygani haqida xabar bergan edik.