O‘zbekistonda ilk ipoteka obligatsiyalari emissiyasi ro‘yxatdan o‘tkazildi

eʼlon qilindi
Ipoteka agenti sifatida “UMRC SPV” MChJ ishtirok etmoqda
O‘zbekistonda ilk ipoteka obligatsiyalari emissiyasi ro‘yxatdan o‘tkazildi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mamlakat tarixidagi ilk ipoteka obligatsiyalari emissiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Emissiyaning umumiy hajmi 40,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Mazkur emissiya prezidentning 2025-yil 21-fevraldagi uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirishga oid farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirildi. Obligatsiyalar «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida chiqarilgan bo‘lib, ularning emissiyasi va muomalasi tegishli vaqtinchalik nizom talablariga muvofiq tashkil etildi.

Loyihada ipoteka agenti sifatida «UMRC SPV» MChJ ishtirok etmoqda. Obligatsiyalar ipoteka qoplamasi hamda O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi kafilligi bilan ta’minlangan. Bir dona obligatsiyaning nominal qiymati 100 so‘m etib belgilangan.

Emissiya orqali jalb qilinadigan mablag‘lar ipoteka kreditlarini moliyalashtirish va qayta moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Mutaxassislar fikricha, ipoteka obligatsiyalari bozorining rivojlanishi ipoteka aktivlarini likvid bozor instrumentlariga aylantirish hamda uzoq muddatli moliyaviy resurslarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shuningdek, yangi instrument kapital bozoridagi moliyaviy vositalar turini ko‘paytirish, investitsiyalar oqimini rag‘batlantirish va iqtisodiyotda moliyaviy resurslarni samarali qayta taqsimlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Pilot emissiya milliy kapital bozorini rivojlantirish yo‘lidagi muhim bosqich sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ulushli uy-joy qurilishida eskrou tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek