Pedagogika yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar bilimlari tashqi diagnostikadan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarning bilimlari tashqi diagnostika orqali baholanadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Nizomga muvofiq, tashqi diagnostika pedagogika yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash sifatini baholash maqsadida o‘tkaziladi. Unda ushbu yo‘nalishlarda tahsil olayotgan uchinchi bosqich talabalari ishtirok etadi. Diagnostika har o‘quv yilida bir marta test sinovlari shaklida tashkil etiladi.
Testlar 50 ta savoldan iborat bo‘ladi va ularni bajarish uchun talabalarga 45 daqiqa vaqt beriladi. Har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanadi, maksimal natija esa 100 ballni tashkil qiladi. Tashqi diagnostikani o‘tkazish uchun har o‘quv yilining sentabr oyida maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan ishchi guruh tuziladi. Ushbu guruh kamida besh nafar malakali mutaxassisdan iborat bo‘ladi.
Diagnostika natijalariga ko‘ra, o‘rtacha 56 ball va undan yuqori natija qayd etgan ta’lim yo‘nalishlari «talablarga javob beradigan» deb baholanadi. O‘rtacha natijasi 56 balldan past bo‘lgan yo‘nalishlar esa «talablarga javob bermaydigan» deb topiladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Samarqanddagi ayrim oliy ta’lim muassasalari qayta tashkil etilishi haqida yozgan edi.