Qatarda farmatsevtika xodimlari uchun ish taklif qilinmoqda

O‘zbekistonlik farmatsevtika xodimlari uchun Qatarda ishlash imkoniyati e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda.
Nomzodlarga oyiga $2 minggacha daromad taklif etilmoqda. Ishga qabul qilish jarayoni «Xorijda ish» platformasi orqali to‘ldirilgan CVlar asosida amalga oshiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ish farmatsevtika yo‘nalishida bo‘lib, kunlik ish vaqti 7 soatni tashkil qiladi. Tanlab olingan nomzodlar Qatar davlatida mehnat faoliyatini olib boradi. Yillik ehtiyoj 100 nafar farmatsevtika xodimi etib belgilangan.
Ish beruvchi bir qator xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi. Jumladan, ishchi vizasi, O‘zbekiston – Qatar yo‘nalishidagi aviachipta, tibbiy sug‘urta, aeroportdan transfer, turarjoy hamda ichki transport xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplanadi.
Nomzod hisobidan asosan oziq-ovqat xarajatlari qoplanadi. Ushbu xarajat oyiga taxminan 150 – 200 AQSH dollarini tashkil etishi mumkin. Ishga 22 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar qabul qilinadi. Talabgor farmatsevtika yo‘nalishi bo‘yicha oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lishi, kamida bir yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi hamda ingliz tilini muloqot darajasida bilishi kerak. Shuningdek, nomzod Qatar davlatida ishlashga tayyor bo‘lishi talab etiladi.
Nomzodlar «Xorijda ish» platformasida CV to‘ldirganlar orasidan saralab olinadi. Qo‘shimcha ma’lumotni 71 202 33 55 raqamining 501 ichki raqami orqali olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Yaponiyada haydovchilar uchun ish o‘rinlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.