Qidiruvdagi firibgar shaxs Moldovadan ekstraditsiya qilindi

Firibgarlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Moldova poytaxti Kishinyov shahridan ekstraditsiya qilindi. Bu haqda IIV ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur shaxsga nisbatan xalqaro qidiruv O‘zbekiston Interpol Milliy markaziy byurosi tomonidan Interpol kanallari orqali e’lon qilingan. Uning joylashgan manzilini aniqlash va qo‘lga olish maqsadida O‘zbekiston hamda Moldova Interpol byurolari o‘rtasida doimiy axborot almashinuvi va hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qidiruvdagi shaxsning turgan joyi aniqlanib, u Moldova Respublikasi hududida qo‘lga olingan.
Shundan so‘ng zarur ekstraditsiya jarayonlari yakunlanib, qidiruvdagi shaxs jinoiy javobgarlikka tortish uchun O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlariga topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 6 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan firibgar ayol Turkiyada qo‘lga olingan edi.