Milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari pasaydi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil aprel oyida milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha nominal foiz stavkasi 17,4 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1% bandga pasaygan.
Jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 19,9%, yuridik shaxslar depozitlari bo‘yicha esa 15 foizni tashkil etdi. Bir yilgacha bo‘lgan depozitlar uchun stavkalar mos ravishda 18,5% va 13,9 foizni, bir yildan ortiq muddatli omonatlar uchun esa 20,1% va 15,6 foizni tashkil qilgan.
Shu bilan birga, inflyatsion jarayonlarning barqarorlashuvi fonida depozitlarning real daromadliligi yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bunda jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha real foiz stavkasi 8,4 foizni tashkil etib, bir yil avvalgiga nisbatan 1,9% bandga oshdi. Yuridik shaxslar uchun ushbu ko‘rsatkich 4,3% bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 0,2% bandga yuqorilagan.
Chet el valyutasidagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha nominal foiz stavkasi esa 4,1 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,6% bandga pasaygan.
Jismoniy shaxslarning valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 4,9%, yuridik shaxslarniki esa 2,8% bo‘ldi.
Aprel oyida aholi inflyatsion kutilmalari 10,6 foizgacha, biznes subyektlarining inflyatsion kutilmalari esa 10,3 foizgacha pasaydi. Bu esa real foiz stavkalarining ijobiy darajada shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, depozit stavkalari pasayayotgan bo‘lsa-da, inflyatsiya kutilmalarining kamayishi tufayli omonatlarning real daromadliligi saqlanib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda yetim bolalar uchun $500 lik shaxsiy depozit hisoblari ochilgandi. Bunda mablag‘lar kapitalizatsiya asosida jamg‘arilib, bola 18 yoshga to‘lganida foydalanishi mumkin.