Mulkdorlarning 80 foiz roziligi va kompensatsiya — renovatsiyaga doir qonun qabul qilindi

eʼlon qilindi
Hujjatda renovatsiya hududlarini belgilash, mulkdorlar roziligi, kompensatsiya tartibi va investorlar majburiyatlari aniq ko‘rsatib berilgan
Недвижимость в Ташкенте
Foto: Sapura Temirxanova / Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda shaharsozlik renovatsiyasi sohasini tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilindi. Hujjatda renovatsiya hududlarini belgilash, mulkdorlar roziligi, kompensatsiya tartibi va investorlar majburiyatlari aniq ko‘rsatib berilgan.

Qonunga ko‘ra, renovatsiya eskirgan, yashash yoki foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgan, avariya xavfi mavjud bo‘lgan turar va noturar binolar joylashgan hududlarda amalga oshiriladi. Shuningdek, aholi ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiluvchi muammolar mavjud bo‘lgan hududlar ham renovatsiya dasturiga kiritilishi mumkin.

Mulkdorlar roziligi majburiy

Qonunga muvofiq, renovatsiya loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqilgandan so‘ng ikki oy ichida ochiq muhokamalar o‘tkaziladi.

Obyektni renovatsiya loyihasiga kiritish uchun har bir bino yoki inshoot mulkdorlarining kamida 4/5 qismi, ya’ni 80 foizining notarial tasdiqlangan yozma roziligi olinishi shart.

Kompensatsiya qanday beriladi

Mulkdorlar renovatsiyada ishtirok etish yoki kompensatsiya olishni mustaqil tanlaydi. Unga ko‘ra, kompensatsiya quyidagi shakllarda berilishi mumkin:

  • renovatsiya hududida quriladigan yangi uy yoki obyekt;
  • boshqa hududdan uy yoki obyekt;
  • pul mablag‘lari;
  • tomonlar kelishgan boshqa shakllar.

Renovatsiyaning asosiy yo‘nalishlari

Qonunda renovatsiyaning uch turi belgilangan:

  • mavjud obyektni asosiy konstruksiyasini o‘zgartirmasdan rekonstruksiya qilish;
  • eski obyektni buzib, uning o‘rnida yangi bino qurish;
  • yashil hududlar va boshqa jamoat zonalarini tashkil etish.

Maxsus jamg‘armalar tashkil etiladi

Renovatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzurida maxsus jamg‘armalar tashkil etiladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab olti oy o‘tib kuchga kiradi. U orqali eskirgan uy-joy fondini yangilash, muhandislik tarmoqlarini modernizatsiyalash, yashil hududlarni kengaytirish va aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratish maqsad qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur qonun loyihasida 1991-yilgacha qurilgan 17 mingta uy-joy fondini bosqichma-bosqich yangilash maqsadida shaharsozlik renovatsiyasi belgilangandi.

Shuningdek