Narkolaboratoriya tashkil etganlik uchun alohida javobgarlik belgilanadi

O‘zbekistonda narkolaboratoriya va bangixonalar tashkil etish, shuningdek, narkotiklarning muomalasiga rahnamolik qilish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik joriy etiladi. Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish hamda yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksiga «Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar» nomli yangi bob kiritiladi. Shuningdek, noqonuniy narkolaboratoriyalar tashkil etish, narkotiklarning noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish va bangixonalar tashkil etish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Bundan tashqari, 10 dan ortiq xavfli qilmish bo‘yicha jazo choralari og‘irlashtiriladi.
Taqdimotda «Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasi ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda an’anaviy giyohvandlik vositalari o‘rnini sintetik narkotiklar egallab, ularni tarqatish asosan internet orqali kontaktsiz usulda amalga oshirilmoqda. Mamlakat hududida yashirin laboratoriyalarning paydo bo‘layotgani esa ushbu sohadagi huquqiy va tashkiliy mexanizmlarni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirgan.
Loyihada davlat siyosatining yettita asosiy yo‘nalishi belgilangan bo‘lib, ular orasida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarda giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirish, internet orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarga qarshi kurashish, profilaktika, diagnostika, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimini rivojlantirish kabi vazifalar mavjud. Shuningdek, narkotiklar muomalasi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish va qonuniy aylanmadagi moddalarni olib kirishdan tortib realizatsiyagacha bo‘lgan jarayonlarni elektron nazoratga olish rejalashtirilgan.
Muhokama davomida yo‘l harakati xavfsizligi masalalariga ham e’tibor qaratildi. Ayrim hollarda voyaga yetmagan shaxslarga transport vositalarini boshqarishga ruxsat berilishi og‘ir oqibatlarga olib kelayotgani qayd etilib, yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta’minlash va bu boradagi javobgarlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda saratonga qarshi kurashish milliy dasturi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.