Navoiy va Namanganda ikki profilaktika inspektori pora bilan ushlandi

Navoiy va Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda ikki profilaktika inspektorining noqonuniy xatti-harakatlari fosh etildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Birinchi holat Navoiy viloyatida qayd etildi. DXXning viloyat boshqarmasi va Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand shahar IIO FMB profilaktika inspektori qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, inspektor mansabdor tanishlari orqali sobiq ichki ishlar xodimining tizimga qayta ishga tiklanishiga yordam berishni va’da qilgan. U buning evaziga 7 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan profilaktika inspektoriga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi hamda 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Yana bir holat Namangan viloyatining Chust tumanida aniqlangan. Tuman IIB profilaktika inspektori 1994-yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan kelib tushgan arizani ko‘rmasdan qoldirganini ro‘kach qilib, undan $2 ming talab qilgan. Joriy yil fevral oyida u ushbu mablag‘ning $ 700 ni olgan.
Shundan so‘ng inspektor noqonuniy harakatlarini davom ettirib, fuqarodan qolgan $1,3 mingni ham talab qilgan. Bundan tashqari, kelgusida unga o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi orqali chorva mollarini noqonuniy olib o‘tishda rahnamolik qilish evaziga yana $2 ming so‘ragan. Umumiy talab qilingan summa $3,3 mingni tashkil etgan.
DXX, Departament va IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida profilaktika inspektori mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlangan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi hamda 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.