Orolbo‘yi uchun yangi biopreparatlar yaratildi

O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali olimlari Orol dengizining qurigan tubidagi o‘ta sho‘r tuproqlarda o‘simliklar yashovchanligini oshiruvchi yangi biopreparatlar ishlab chiqdi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Filial professori Sayyora Murodova rahbarligida Orolbo‘yi hududida ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan amaliy loyiha amalga oshirilmoqda. Tadqiqotlarda professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda talabalar ham faol ishtirok etmoqda.

Loyiha doirasida Orolning qurigan tubidagi sho‘r tuproqlardan 1000 dan ortiq mikroorganizm namunalari ajratib olingan. Ular orasidan eng samarali 100 ta namunaga asoslangan maxsus mikrobiologik kolleksiya shakllantirilgan.
Olimlar ushbu kolleksiya asosida «Zamin-M» va «Rizoto‘plam» nomli biopreparatlarni yaratgan. Sinov natijalari bu preparatlar Orolbo‘yi sharoitida o‘simlik urug‘larining unuvchanligi va tashqi omillarga chidamliligini oshirishda yuqori samara berayotganini ko‘rsatgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur ishlanma Orolbo‘yida ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi bilan birga, talabalar uchun amaliy ilmiy tajriba maydoni vazifasini ham bajarmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2027-yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik O‘zbekistonga o‘tadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisida ma’lum qildi.