O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida yirik korrupsion sxema fosh etildi

eʼlon qilindi
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida yirik korrupsion sxema fosh etildi / Foto: Hafiza Muxtorova

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimida import hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq korrupsion sxema fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, agentlikning ayrim mas’ul xodimlari tadbirkorlik subyektlariga tovarlarni import qilish uchun rasmiylashtiriladigan hujjatlar evaziga norasmiy «stavkalar» belgilab olgan. O‘tkazilgan tadbirda agentlikda ishlovchi tanishlari orqali Turkiya korxonasini xorijiy eksportyor korxonalar reyestriga kiritib berish evaziga $1 ming olgan fuqaro qo‘lga olindi.

Mazkur fuqaro va agentlikning bosh mutaxassisi o‘zaro til biriktirib, MChJga Rossiyadan yog‘och hamda Turkmanistondan pomidor mahsulotlarini import qilish uchun import karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirib berish evaziga 2,9 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, unga tegishli ikki bank plastik kartasiga fuqarolar tomonidan P2P shaklida 10,9 mlrd so‘m mablag‘ kelib tushgani ma’lum bo‘lgan. Tahlillarga ko‘ra, ushbu mablag‘ning 1,6 mlrd so‘mi to‘lovlar uchun sarflangan, 6,1 mlrd so‘mi naqdlashtirilib agentlikning mas’ul xodimlariga berilgan, qolgan 3,1 mlrd so‘mi esa shaxsiy ehtiyojlar uchun ishlatilgan.

Bundan tashqari, agentlik va uning quyi tashkilotlari g‘azna hisob raqamlariga tushgan 91,7 milliard so‘mlik mablag‘lar tahlil qilinganda, 14,9 mlrd so‘mlik to‘lovlar 759 nafar fuqaroning plastik kartalari orqali amalga oshirilgani aniqlangan. Ularning 174 nafari agentlik tizimi xodimlari, 34 nafari esa ushbu xodimlarning yaqin qarindoshlari ekani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq shaxsiy tasvirlar evaziga 10 mln so‘m talab qilgan talaba ushlangan edi.

Shuningdek