Qamashida 3 yoshli bola bog‘cha mashinasida qolib ketib vafot etdi

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 yoshli tarbiyalanuvchi transport vositasida unutib qoldirilgani oqibatida vafot etdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qilishicha, fojia Qamashi tumanining Zafar mahallasida faoliyat yuritgan yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli oilaviy nodavlat bog‘chada sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, muassasa rahbariyati va mas’ul xodimlari bolalarni avtotransportda tashish qoidalariga rioya qilish bo‘yicha avvaldan ogohlantirib kelingan. Biroq joriy yil 4-iyun kuni bog‘chaga qatnovchi 3 yoshli bola transport vositasida qolib ketgan.
Vazirlikka ko‘ra, muassasa xodimlarining e’tiborsizligi va sovuqqonligi oqibatida bola avtomobil ichida vafot etgan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur bog‘cha faoliyatini yuritgan tadbirkor bilan tuzilgan tegishli bitim bekor qilingan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi marhum bolaning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, voqeaga aloqador barcha mas’ullarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda 52 nafar bolani olib ketayotgan «damaschilar» ushlangandi. Aniqlanishicha, bir holatda Damas rusumli avtomobil haydovchisi transport vositasiga 28 nafar bolani joylashtirib harakatlangan. Boshqa bir holatda esa yana bir Damas’da 24 nafar maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchisi olib ketilayotgani qayd etilgan