
Samsung kompaniyasi tomonidan yangi Samsung Galaxy A27 smartfoni tez orada taqdim etiladi. Sammobile nashriga ko‘ra, model qimmatroq narxda chiqishi mumkin.
Qurilma yaxshilangan displey, energiyani tejovchi chip va mustahkamroq himoya standarti bilan chiqishi kutilmoqda. Shu bilan birga, yangi model avvalgisiga nisbatan qimmatroq bo‘lishi mumkin.
Insayder Roland Quandt ma’lumotlariga ko‘ra, Galaxy A27 Yevropa bozorida ikki xil xotira konfiguratsiyasida sotuvga chiqariladi. Birinchi versiya 6 GB tezkor xotira va 128 GB ichki xotiraga ega bo‘ladi. Uning narxi €349 atrofida bo‘lishi aytilmoqda.
Ikkinchi versiya esa 8 GB tezkor xotira va 256 GB ichki xotira bilan taklif qilinadi. Ushbu talqin narxi 439 yevro bo‘lishi kutilmoqda. Bu Galaxy A26’ning mos versiyalariga qaraganda qimmatroq. Xususan, 128 GB xotirali model narxi avvalgi avlodga nisbatan 50 yevroga, 256 GB xotirali versiya esa 70 yevroga yuqori bo‘lishi mumkin. Narx oshishi xotira chiplari qiymatining o‘tgan yilga nisbatan sezilarli ko‘tarilgani bilan izohlanmoqda.
Boshqa mamlakatlarda Galaxy A27 narxi mahalliy soliqlar, valyuta kursi va bozor sharoitiga qarab farq qilishi mumkin.
Galaxy A27 qora, ko‘k, och pushti va yalpiz ranglarida chiqarilishi kutilmoqda. Internetda tarqalgan CAD-renderlarda smartfon old va orqa tomondan namoyish etilgan. Dizayn jihatidan model Samsung‘ning so‘nggi Galaxy A seriyasidagi umumiy uslubini davom ettiradi.
Texnik xususiyatlar

Ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy A27 6,7 dyuymli OLED displeyga ega bo‘ladi. Ekran Full HD+ aniqlikni va 120 Gts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Eng muhim o‘zgarishlardan biri — Infinity-O displeyga o‘tishidir. Bu Galaxy A26’dagi Infinity-U ekraniga nisbatan zamonaviyroq yechim hisoblanadi.
Kamera tizimi ham o‘rta toifadagi smartfonlar uchun odatiy, biroq barqaror imkoniyatlarni taklif qiladi. Qurilmada optik stabilizatsiyaga ega 50 megapikselli asosiy kamera bo‘lishi kutilmoqda. Unga 5 megapikselli ultra keng burchakli kamera va 2 megapikselli makro modul hamrohlik qiladi. Old tomonda esa 12 megapikselli selfi-kamera joylashadi.
Galaxy A27 Snapdragon 6 Gen 3 protsessori bilan jihozlanishi aytilmoqda. Ushbu chip avvalgi avlodlarga nisbatan samaraliroq ishlashi va energiya tejamkorligini yaxshilashi kutiladi. Smartfon 5000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘ladi va 25 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Dasturiy ta’minot borasida Galaxy A27 Android 16 asosidagi One UI 8.5 interfeysi bilan chiqarilishi kutilmoqda. Smartfon olti avlod Android OS yangilanishlarini olishi aytilmoqda.
Qurilmada yon tomonga o‘rnatilgan barmoq izi skaneri bo‘ladi. Shuningdek, 5G, Wi-Fi 5, Bluetooth 5.4, NFC va USB 2.0 Type-C porti qo‘llab-quvvatlanadi. Galaxy A27 chang va suvdan himoya bo‘yicha IP68 standartiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Galaxy A27 smartfoni to‘rtta rangda chiqishi haqida yozgan edi.