Tecno Pova 8 5G smartfoni taqdim etildi — texnik xususiyatlar

11-iyun 2026 20:42 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Tecno Pova 8 5G smartfoni taqdim etildi — texnik xususiyatlar / Foto: Tecno

Tecno kompaniyasi xalqaro bozorda katta sig‘imli batareya va sun’iy intellekt funksiyalari bilan jihozlangan yangi Tecno Pova 8 5G smartfonini namoyish qildi.

Ikki kungacha ishlaydigan akkumulyator

Qurilmaning asosiy xususiyatlaridan biri 8000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bo‘ldi. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, smartfon bir quvvatlash bilan ikki kungacha avtonom ishlay oladi. Shuningdek, batareya 2000 ta quvvatlash siklidan keyin ham o‘z sig‘imining 80 foizdan ortig‘ini saqlab qolishi qayd etilgan.

Pikselli mini-ekranli dizayn

Pova 8 5G yarim shaffof orqa panelga ega o‘ziga xos dizaynda ishlab chiqilgan. Qurilmaning kamera blokida joylashgan moslashtiriladigan pikselli mini-ekran qo‘ng‘iroqlar, bildirishnomalar va boshqa voqealar haqida ma’lumot ko‘rsatib turadi.

Foto: Tecno

Sun’iy intellekt imkoniyatlari

Smartfonga Tecno AI sun’iy intellekt texnologiyalari ham integratsiya qilingan. Jumladan, qo‘ng‘iroqlar vaqtida shovqinni kamaytirish tizimi suhbatdoshning ovozini ajratib beradi, «AI Studio» esa fotosuratlarni qayta ishlash imkonini yaratadi. Rossiya bozori uchun mo‘ljallangan versiyada puls va ayrim boshqa ko‘rsatkichlarni kontaktsiz o‘lchash imkonini beruvchi «AI Health» funksiyasi ham mavjud.

Texnik xususiyatlari

Qurilma MediaTek Dimensity 7100 5G protsessori asosida ishlaydi. U mobil aloqa va Wi-Fi signal sifatini yaxshilash uchun Tecno’ning G1 va SE1 nomli ikkita qo‘shimcha chipi bilan to‘ldirilgan. Smartfon 144 Gs yangilanish chastotasiga ega 6,76 dyuymli IPS displey, 50 megapikselli asosiy kamera va 13 megapikselli old kamera bilan jihozlangan. Shuningdek, model 12 GB gacha tezkor va 256 GB gacha doimiy xotira bilan taqdim etiladi.

Foto: Tecno

Sotuvlar

Yangi smartfon Android 16 asosidagi HiOS 16 operatsion tizimida ishlaydi. Tecno Pova 8 5G sotuvi 2026-yil avgust oyida boshlanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy S26 Ultra smartfoni uchun chegirma e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek