Toshkent va Navoiyda qalbaki valyuta sotishga uringan shaxslar ushlandi

Toshkent va Navoiy viloyatlarida qalbaki $120 mingni sotishga uringan firibgar shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Angren shahar bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 3 nafar fuqaro (ulardan biri muqaddam sudlangan) boshqa fuqaroga $100 lik kupyuralardagi qalbaki $80 mingni $40 mingga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro boshqa fuqaroga $100 lik kupyuralardagi qalbaki $40 mingni $28 mingga sotishga kelishib, uning $10 ming miqdorini sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada sotuvchi 198 million so‘mlik mahsulotlarni sotib yuborgani aniqlangan edi.