
Vivo kompaniyasi tomonidan X seriyasidagi yangi Vivo X500 smartfoni taqdim etilishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bazaviy model katta sig‘imli akkumulyator, kuchli Dimensity 9500 chipi va periskop telekameraga ega bo‘ladi. Vivo X500’ning muhandislik namunasi 6,59 dyuymli yassi ekran bilan sinovdan o‘tkazilmoqda. Qurilmaning eng muhim jihatlaridan biri akkumulyator sig‘imi bo‘lishi mumkin.
Smartfon taxminan 7500 mA/soat sig‘imli batareyaga ega bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich uni flagman segmentidagi eng katta akkumulyatorli modellardan biriga aylantirishi mumkin. Vivo X500 asosida 3 nanometrli Dimensity 9500 bir kristalli tizimi yotadi. Avvalroq qurilma yanada yangi Dimensity 9600 platformasini olishi mumkinligi aytilgan edi.
Kamera imkoniyatlari ham Vivo X500’ning asosiy ustunliklaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Prototip 50 megapikselli asosiy sensor bilan jihozlangan. Uning optik formati taxminan 1/1,28 dyuymni tashkil etadi. Bu katta sensor smartfonga kam yorug‘lik sharoitida yaxshiroq surat olish va kengroq dinamik diapazon taqdim qilish imkonini berishi mumkin.
Yana nimalar ma’lum

Bundan tashqari, Vivo X500 periskop teleobyektivga ega bo‘lishi aytilmoqda. U o‘rta o‘lchamdagi sensor bilan ishlaydi. Mish-mishlarga ko‘ra, bu Vivo X500 Pro uchun ham sinovdan o‘tkazilayotgan 64 megapikselli modul bo‘lishi mumkin. Periskop kamera uzoq masofadagi obyektlarni sifatni sezilarli yo‘qotmasdan yaqinlashtirish imkonini beradi.
Digital Chat Station ilgari Xiaomi 15 va Xiaomi 15 Pro xususiyatlari, Realme GT 7 Pro‘ning Samsung ekrani hamda Dimensity 9400 chipining Snapdragon 8 Elite’dan oldinroq chiqishi haqida aniq ma’lumot bergan insayderlardan biri hisoblanadi. Shu bois uning Vivo X500 haqidagi xabarlari texnologiya bozori kuzatuvchilari e’tiborini tortmoqda.
Hozircha Vivo X500’ning rasmiy taqdimot sanasi, narxi va yakuniy texnik xususiyatlari e’lon qilinmagan. Biroq mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma katta batareya, periskop kamera va yangi avlod Dimensity platformasi orqali bazaviy flagman segmentida jiddiy raqobat taklif qilishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» Vivo X500 Ultra 10 karra zoom kameradan voz kechgani haqida yozgan edi.